8 dekabr – mamlakatimiz tarixida siyosiy ahamiyatga ega sana. Ushbu kunda O‘zbekiston Respublikasining Bosh qomusi – Konstitutsiya qabul qilingan bo‘lib, u milliy davlatchiligimizning mustahkam asoslarini belgilab, inson huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat sifatida tasdiqlaydi. Shu munosabat bilan Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida talaba-yoshlar ishtirokida “Konstitutsiya – huquqiy davlat kafolati” mavzusida ma’rifiy uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar, davlat tili va ilmiy-tadqiqot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Naibaxon Mamadaliyeva, O‘zbekiston Milliy Metrologiya instituti direktori maslahatchisi Barno Ungboyeva hamda taniqli telejurnalist va ijodkor Tohir Samiyev ishtirok etdilar.

Ma’ruzachilar yangilangan Konstitutsiyaning har bir fuqaro uchun hayotiy ahamiyatga ega qoidalari, yangi tahrirdagi normalar mazmun-mohiyati va ular orqali mustahkam huquqiy davlat barpo etishda qo‘yilgan qadamlar haqida to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, inson huquq va erkinliklari sohasidagi islohotlar mamlakatni demokratik rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqqani alohida ta’kidlandi. Bosh qomusda “inson – jamiyat – davlat” tamoyilining ustuvorligi bugungi davlat siyosatida inson manfaatining birinchi o‘rinda turishini ko‘rsatadi.

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiya fuqarolarning huquqiy ongini yuksaltirish, yoshlarimizni huquqiy faollikka chorlash va ularni oliy maqsadlarga intilishga undashda muhim vosita hisoblanadi, – dedi Naibaxon Mamadaliyeva. – Chunki har bir inson o‘z huquqlarini anglab, fuqarolik mas’uliyatini tushunsa, bu mamlakatimizda qonun ustuvorligi va demokratik tamoyillarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Tadbirda talabalarga Konstitutsiyaning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni, fuqarolik mas’uliyati va professional rivojlanish imkoniyatlari haqida amaliy ma’lumotlar berildi. Interaktiv muloqotlar va savol-javoblar orqali yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalarga javob topdilar va Konstitutsiyada aks etgan normalarning nafaqat qonunchilik asosi, balki har bir fuqaroning kundalik hayotida huquqiy kafolat sifatida xizmat qilishini chuqur angladilar.

– Bugun institutimizda bosh qomusimizning qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ma’rifiy uchrashuv yorqin va esda qolarli bo‘ldi. Ustozlarimiz va mehmonlar Konstitutsiya va uning mazmun-mohiyati to‘g‘risida juda qiziqarli va foydali fikrlarni bildirdilar. Bu esa bizga bosh qomusimizda aks etgan huquqlarimizni yana bir bor anglash imkonini berdi, – deydi institutning 301-23-guruh talabasi Usmon Berdiyev.
Xulosa qilib aytganda, yangi Konstitutsiya – demokratik va inson huquqlariga tayangan davlat barpo etishdagi eng ishonchli kafolatdir. Mazkur ma’rifiy uchrashuv yosh avlodning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni faol fuqaro sifatida shakllantirish va Vatan ravnaqiga daxldorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri