Yuqori ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti ta’limning deyarli barcha fundamental yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston oliygohlari uchun respublikadagi tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Ayni paytda universitetda 17 ta fakultet mavjud bo‘lib, ularda 93 ta bakalavriat yo‘nalishi, 81 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 35 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Shuningdek, ilmiy faoliyatini olib bormoqchi bo‘lgan yosh mutaxassislar uchun doktoranturada 100 ga yaqin mutaxassisliklar mavjud. Universitetning intellektual va ilmiy salohiyatini yuqori malakali professor-o‘qituvchilar jamoasidan ham bilish mumkin. 14 nafar akademik, 250 dan ortiq fan doktori hamda 450 dan ziyod fan nomzodi uzluksiz ta’lim va ilmiy jarayonni ta’minlashda ishtirok etmoqda.
Universitetda tahsil olayotgan talaba-yoshlarning milliy qadriyat va an’analarimizga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ulardagi vatanparvarlik ruhini yuksaltirish maqsadida «Yangi O‘zbekistonni birgalikda barpo etamiz!» shiori ostida «Talabalar bahori» an’anaviy festivali o‘tkazildi.
<iframe width="1250" height="703" src="https://www.youtube.com/embed/TYaMiwEUK_w" title="“Talabalar bahori” festivali yoshlarni bir maqsad yoʻlida birlashtirdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mazkur bayram tadbirida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Olmazor tumani hokimligi, «Yoshlik» talabalar shaharchasi va boshqa idora-tashkilot vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Festival doirasida barcha fakultetlar tomonidan respublikamiz viloyatlarining urf-odatlari, milliy qadriyat va an’analarining namoyishi, talaba-yoshlar o‘rtasida «Mohir oshpazlar» ko‘rik tanlovi hamda turli sport o‘yinlari, jumladan, kurash, arqon tortish, tosh ko‘tarish, stol tennisi, shaxmat va shashka musobaqalari o‘tkazildi.
– Ushbu festivalda munosib ishtirok etish uchun bir necha kundan beri tayyorgarlik ko‘ryapmiz, – deydi 3-bosqich talabasi Zeboxon Rahmonaliyeva. – Bizning jurnalistika fakultetimizga gullar shahri Namanganning milliy an’ana va urf odatlarini ko‘rsatib berish vazifasi yuklatildi. Talabalar o‘zaro fikrlashib, tarix ustozlarimizdan maslahatlar olib Namanganning o‘ziga xos tomonlarini ko‘rsatib berishga harakat qildik. Bu kabi tadbirlar talaba-yoshlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash va kreativ fikrlarni rivojlantirishga turtki bo‘ladi.
Universitet rektori Inom Madjidov barchani bayram bilan tabriklab, talaba-yoshlarning xalqaro hamjamiyat orasida alohida nufuzga ega bo‘lib borayotgan Yangi O‘zbekiston hamda Uchinchi Renessansni bunyod etadigan katta kuch ekanini ta’kidlab, ularga mustahkam sog‘liq, tuganmas kuch-g‘ayrat, ulkan yutuq va zafarlar tiladi.
Festival doirasida o‘tkazilgan tanlov va musobaqa g‘oliblari hamda faol ishtirokchilar pul mukofotlari, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Rahmonova, O‘zA