O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 14 fevral kuni yoshlar bilan muloqotida ham ertamiz egalarining ma’naviy tarbiyasi va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularni yot g‘oyalardan asrash har birimizning vazifamizga aylanishi shartligi yana bir bor ta’kidlandi.
Yosh avlodda milliy ruhiyatni shakllantirish, qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida “Talabalar bahori festivali” nomli ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri o‘tkazildi.
Festival doirasida “Besh tashabbus sayli”, “Varrak shou”, kafedralar o‘rtasida “Bahoriy taomlar dasturxonlari” tanlovi, “Osh musobaqasi” tashkil etildi. Shuningdek, kitoblar, hunarmandchilik buyumlari savdo yarmarkasi, milliy liboslar, turli millat xalq hunarmandligi mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

“Rektor kubogi” sport musobaqalari doirasida talaba-yigitlar va qizlar o‘rtasida voleybol, stol tennisi, shaxmat va shashka, armrestling musobaqalari o‘tkazildi.
Shundan so‘ng “Talabalar bahori festivali”ning badiiy qismi tantanalari boshlandi. Yoshlar ijrosida O‘zbekistonimizni tarannum etuvchi musiqiy dastur namoyish etildi.
Milliy liboslar namoyishi, talabalar ijrosida jadidlar tilidan milliy qadriyatlarimiz haqidagi sahna ko‘rinishi, fakultetlarning belgilangan viloyatlar kesimidagi chiqishlari namoyish qilindi. “Ziyo-zukko” nodavlat ta’lim muassasasi o‘quvchilari, milliy madaniy markazlar hamda mehmon san’atkorlarning chiqishlari kechaga yanada fayz ulashdi.

Tadbir davomida “Talabalar bahori festivali” doirasidagi tanlov va musobaqalar g‘oliblari hamda har tomonlama faol bo‘lgan talabalar taqdirlandi.
Shu kuni akademiyada bir qator tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida 13 fevral kuni olimpiya va paralimpiya harakati, ixtisoslashtirilgan va ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish hamda aholi jismoniy faolligini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Mazkur yig‘ilishda jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalashga alohida ahamiyat berilib, sport sog‘lom xalq, sog‘lom avlodning tayanch ustuni ekani ta’kidlangan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham talaba-yoshlar hamda xodimlarning sportga e’tiborini yanada oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga alohida ahamiyat qaratilyapti.
Xususan, sportning mini futbol, stol tennisi, shaxmat-shashka, voleybol turlari bo‘yicha “Rektor kubogi”, “Dekan kubogi” bahslari, “Besh tashabbus olimpiadasi”, mini futbol bo‘yicha “Talabalar ligasi” chempionati o‘tkazilmoqda.
Haftaning har shanba kuni akademiya rahbariyati boshchiligida professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirokida ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlari tashkil etilyapti.
Bu kabi tadbirlar akademiyada sog‘lom muhitni shakllantirib, talabalar orasida sportni yanada ommalashtirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilayotgan “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostidagi “Talabalar bahori festivali”da bir qator nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlik memorandumlarini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi, O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti, “Cyber-BRO” kompaniyasi hamda “GITA” dasturchilar akademiyasi MCHJ bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumda hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi ilmiy-tadqiqot va o‘quv jarayonlariga malakali sportchi-trenerlarni jalb qilish, musobaqalarni tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Ta’lim, fan, madaniyat, sport sohasidagi mazkur hamkorlik tomonlar uchun manfaatli va samarali bo‘lishi qayd etildi.
N.Usmonova, O‘zA