English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«TalabaExpo–2025” – yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigi
16:20 / 2025-10-22

Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida bitiruvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda tadbirkorlik va innovatsion tashabbuslarni rivojlantirish maqsadida “TalabaExpo -2025” kasb ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Tadbir “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida O‘zbekiston Milliy banki, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Xorazm viloyat hokimligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi. 

Ko‘rgazmada viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasasi talabalari va bitiruvchilari – jami 10 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Ular uchun 130 dan ziyod yirik ish beruvchi tashkilotlar tomonidan 1300 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari, shu jumladan, amaliyot va stajirovka imkoniyatlari taklif qilindi. 

– Ko‘rgazmaning maqsadi — bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularning kasbiy yo‘nalishini aniqlash va biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdir, – deydi Xorazm viloyat hokimining o‘rinbosari San’atbek Salayev. – Muhtaram Prezidentimiz tomonidan ham yoshlar bandligini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgan. Shu sababdan viloyatimizda ham bu yo‘nalishdagi ishlarning ko‘lami yildan yilga kengaymoqda. 

[gallery-25862]

Tadbirda Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan yirik korxona va tashkilotlar, bank-moliya muassasalari, innovatsion markazlar hamda xususiy tadbirkorlik sub’ektlari o‘z ish o‘rinlari, loyihalari va amaliy dasturlarini taqdim etdi.

Shuningdek, kun davomida bitiruvchi talabalar uchun ish o‘rinlari yarmarkasi, tadbirkorlik imkoniyatlari taqdimoti, “O‘zmilliybank” tomonidan bank mahsulotlari tanishtiruvlari, talabalarning innovatsion va startap loyihalari taqdimotlari o‘tkazildi.

«TalabaExpo–2025” kasb ko‘rgazmasi ikkinchi kunida 2025-2026 o‘quv yili bitiruvchi bosqich talabalari uchun “Kelajakka qadam” dasturi doirasida seminar-trening ham tashkil etildi.

Ushbu tadbir bitiruvchi yoshlarni kasbga yo‘naltirish, mehnat bozoridagi real talablar bilan tanishtirish va ularga kelajakdagi faoliyat yo‘lida motivatsiya berish maqsadida o‘tkazildi.

– Men ushbu seminar-treningda ishtirok etar ekanman, “Kelajakka qadam” markazi bo‘limi boshlig‘i Behruz Ostonov, “Eko obi hayot” MCHJ rahbari Doniyorbek Sobirov, “Dovrug‘” xususiy korxonasi rahbari Dovrug‘ Ro‘zmetov hamda “Tillo Domor” xususiy korxonasi ish boshqaruvchisi Feruzbek Quranboyevlarning chiqishlarini kuzatdim, – deydi UrDU talabasi Mahfuza Hojayeva. – Ular o‘zlarining faoliyat yo‘llari, yutuqlari, duch kelgan qiyinchiliklari va ularni qanday yenggani haqida so‘zlab berishdi. Ushbu ma’ruzalardan men o‘zim uchun kerakli rag‘batni oldim.

Tadbirda mehnat bozoridagi talablar, startap g‘oyalarni ilgari surish, biznes-reja tuzish va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Talabalar bilan ochiq muloqot qilgan mehmonlar ularni qiziqtirgan savollarga ham javoblar berishdi. Ayniqsa, startap g‘oya bilan qanday chiqish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashdagi muhim bosqichlar haqida amaliy tavsiyalar berildi.

Tadbirlar davomida ilgari surilgan bir qator startap g‘oyalar ko‘rib chiqilib, ularning bir nechtasi “Kelajakka qadam” dasturi doirasida moliyalashtirishga tavsiya etildi.

Alohida tanlangan loyihalar uchun moliyaviy qo‘llovlarni nazarda tutuvchi 500 milliondan 1 milliard so‘mgacha “vaucher”lar tantanali ravishda topshirildi.

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari