Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"TalabaExpo – 2025" loyihasi o‘z samarasini bermoqda
10:05 / 2025-09-22

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida mamlakatimiz o‘qituvchi va murabbiylari bilan uchrashuvda ham, Namanganda bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” mavzusidagi III xalqaro forumda so‘zlagan nutqida ham yoshlarga bilim berish, ularni kasb-hunarli qilish, shiddat bilan kechayotgan islohotlar jarayonida yigit-qizlarning mehnat bandligini ta’minlash masalasiga ustuvor e’tibor qaratdi.

Zero, mamlakatimiz yoshlarini ish bilan ta’minlash, ularni mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga yaqindan ko‘maklashish xalqimiz farovonligini oshirishda, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlarning hayotdagi ezgu orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish, Vatanimizni jadal taraqqiy ettirishda muhim omil sanaladi. Ayni masala jinoyatchilikning oldini olish, yosh avlodning bo‘sh vaqtini to‘g‘ri va unumli tashkil etish, jamiyat hayotining turli jabhalarini jadal rivojlantirishda ham hayotiy ahamiyat kasb etadi.  

O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan yoshlarning mehnat bandligini ta’minlash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani diqqatga sazovor. Bank tomonidan hayotga joriy etilayotgan “Kelajakka qadam” ijtimoiy loyihasi yigit-qizlarning ilg‘or loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, ularni ishga joylashtirishda yaqindan ko‘maklashish, yoshlarning startap-loyihalarini ishlab chiqarish jarayoniga tatbiq etish, ta’lim,fan, ishlab chiqarish jarayonini integratsiyalashtirish imkonini bermoqda.  

“O‘zmilliybank” AJ tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan "TalabaExpo – 2025" ma’rifiy loyihasi bitiruvchilarga korxona va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida kengroq ma’lumot berish, mehnat bozorini yuqori malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish, ishsizlikka barham berishdek maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.  

Navoiy shahridagi Alisher Navoiy nomidagi bog‘da "TalabaExpo – 2025" doirasida tashkil etilgan yirik kasb yarmarkasi ham ana shunday ezgu maqsadlarni ko‘zlagani bilan diqqatga sazovor bo‘ldi. Yarmarka davomida bitiruvchilarning ishga joylashishiga ko‘maklashish, ularning kasbiy yo‘lini belgilash hamda biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi. Yarmarka doirasida 120 dan ortiq yirik kompaniya 1 ming 300 ga yaqin bo‘sh ish o‘rni, shuningdek, yuqori bosqich talabalari uchun amaliyot imkoniyatlarini taqdim etdi. Yarmarkada 6 ming 461 kishi ishtirok etdi. 2 ming 132 nafar ishtirokchi ish beruvchilar bilan suhbatdan o‘tdi. 765 nafar talaba o‘zining kelajak ish joyini tanladi. 37 nafar ishtirokchi o‘z biznes loyihalarini taqdim etdi.  

Bu kabi loyihalar yoshlarni faol qo‘llab-quvvatlashda yangi-yangi imkoniyatlar ochuvchi o‘ziga xos amaliy platformaga aylangani bilan e’tiborga molikdir.

N.Usmonova,

O‘zA