Bugun poytaxtimizda yoshlar, ta’lim, innovatsiya va tadbirkorlik olamining eng yirik va nufuzli tadbirlaridan biri – “TalabaExpo–2025” ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Bitiruvchilar kuni”ga bag‘ishlangan “Talaba – kelajak” nomli tantanali ochilishda 1 ming 500 nafar talaba va yosh mutaxassislar ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, mazkur tadbir oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, yosh mutaxassislar bilan yirik ish beruvchilar o‘rtasida samarali muloqot maydonini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbus sanaladi.

“TalabaExpo–2025” ko‘rgazmasi ishtirokchilari iqtisodiyotning yetakchi sohalaridagi kasbiy rivojlanish istiqbollari bilan tanishish, HR bo‘limi vakillari bilan dastlabki suhbatdan o‘tish, yosh mutaxassislarga qo‘yiladigan talablar haqida ma’lumot olish hamda biznes-rejalarni ishlab chiqish va moliyalashtirish bo‘yicha maslahatlar olish kabi imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Ko‘rgazma 23 maygacha davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA