English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“TalabaExpo–2025” ko‘rgazmasi mingdan ortiq bitiruvchini ish bilan ta’minladi
15:59 / 2025-10-04

Termiz shahrida yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochish, ularning kasbiy rivojlanishini ta’minlash maqsadiga qaratilgan yirik loyiha – “TalabaExpo–2025” kasb ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida amalga oshirilgan tadbir yoshlarning bandligi, tadbirkorlikka qiziqishi va innovatsion salohiyatini namoyon etish uchun muhim maydonga aylandi.

Shahar markazidagi Bobur nomli istirohat bog‘ida tashkil etilgan tadbirda viloyatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari o‘z pavilonlari orqali talabalar tomonidan yaratilgan ilmiy-amaliy ishlanmalar, innovatsion g‘oya va startap loyihalarni namoyish etdi. Ish beruvchi tashkilotlar esa mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashdi.

Tadbirni tashkil etishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari, viloyat hokimligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi va Yoshlar ishlari agentligi hamkorlik qildi. 

[gallery-25597]

Ko‘rgazma ochilishida yoshlarning kelajakdagi bandligini ta’minlash davlat siyosatidagi ustuvor vazifa ekani xususida so‘z yuritildi. Shu jihatdan “TalabaExpo–2025” bu borada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning amaldagi yorqin ifodasi ekanligini  qayd etildi. 

Tadbirda nufuzli kompaniyalar rahbarlari, tajribali mutaxassislar hamda tashkilotchilar ishtirok etib, talabalar bilan motivatsion suhbatlar olib bordi, ularga kelajak faoliyatini yo‘lga qo‘yish, kasbiy o‘sish, muvaffaqiyatga erishish borasida foydali maslahatlar berdi.

– “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida “O‘zmilliybank” tomonidan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashishi, biznes g‘oyalarini tayyor loyihaga qadar olib borishi uchun ko‘maklashilmoqda, - deydi “O‘zmilliybank” AJ “Kelajakka qadam” markazi direktori Elmurod Hoshimov. – Undan tashqari, kasbiy amaliyotni moliyalashtirish orqali oliy ta’lim tashkilotlarini ish beruvchilar bilan bog‘lash maqsadida qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mazkur ko‘rgazma ham joriy yilda Surxondaryo viloyatidagi 6 ta oliy ta’lim muassasasini tamomlagan 12 mingga yaqin bitiruvchini kafolatli ish o‘rni bilan ta’minlash maqsadiga qaratilgan. O‘ylaymizki, jarayonda talabalar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yuqori daromadli ish o‘rni, tadbirkorlik g‘oyasiga ega bo‘lgan yoshlar esa o‘z loyihasini imtiyozli shartlarda moliyalashtirish imkoniga ega bo‘ladi.   

Ko‘rgazma 9837 nafar talaba va bitiruvchini qamrab oldi. 116 tadbirkorlik sub’ekti o‘z amaliy takliflarini ishtirokchilar e’tiboriga havola etdi. 1058 yigit-qiz shu yerning o‘zida qiziqishi va mutaxassisligiga mos ishga joylashishga muvaffaq bo‘ldi. Shuningdek, 43 nafar yosh o‘z biznes g‘oyalari asosida tadbirkorlikka ilk qadam qo‘ydi.

Tadbir muhiti, unda taqdim etilgan imkoniyatlar va amaliy natijalar yoshlar uchun o‘z salohiyatini ishga solish, orzusi sari odimlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun mustahkam zamin yaratdi. Kelajakka yo‘naltirilgan bu kabi loyihalar yoshlarning mehnat bozoriga integratsiyalashuvini tezlashtirib, pirovardida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun xizmat qiladi. 

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/R7VYIu_QIKA?si=LFlCekGQ-DDcwmyL" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kamola Yusupova,

Jonibek Qo‘zimurodov (surat+video), O‘zA