Sirdaryo viloyati Guliston shahrida sog‘lom turmush tarzini va ommaviy sportni ommalashtirish maqsadida "Talaba yugur" musobaqasi tashkil etildi. Unda nafaqat oliy ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan talaba-yoshlar, balki keng jamoatchilik vakillari ham faol ishtirok etdi.
–Ushbu musobaqa talaba-yoshlarni sportga oshna qilish, ularda sportning yengil atletika turiga nisbatan qiziqishni oshirish, salomatligini mustahkamlash va, albatta, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etildi, – deydi Guliston davlat universiteti prorektori Jamol Kamolov.


Musobaqada Guliston davlat universiteti, Guliston pedagogika instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti Yangiyer filialida tahsil olayotgan 2 minga yaqin talaba-yoshlar, professor-o‘qituvchilar, umumta’lim maktablari o‘quvchilari, sportning yengil atletika turiga qiziquvchi professional va havaskor sportchilar faol qatnashdi.
–“Talaba yugur” sport musobaqasida talabalardan tashqari professor-o‘qituvchilar ham faol ishtirok etdi. Chunki, musobaqa nizomiga binoan ushbu musobaqada faol ishtirok etgan professor-o‘qituvchilarning lavozim maoshlariga qo‘shimcha ustama qo‘shilishi mumkin, – deydi Gulistonda tashkil etilgan "Talaba yugur" musobaqasida ishtirok etgan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i Nodir Qosimov.


Yugurish musobaqasi nafaqat bellashuv, sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti, balki hayotda g‘alaba qilish timsoliga aylandi.
Marafon ishtirokchilari Guliston shahar markazidagi “Do‘stlik” kanalidan o‘tuvchi 3 kilometrlik masofada yugurib, birin-ketin marafon chizig‘ini bosib o‘tdilar. Va natijada do‘stlik, bardamlik g‘alaba qildi. Yakunda musobaqa g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri