Namangan davlat universitetining yangi foydalanishga topshirilgan “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida Namangan viloyati hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining talaba yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
“Hokim va talabalar” uchrashuvida 400 dan ziyod talabalar, oliy o‘quv yurtlari rektorlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda tegishli mutasaddi tashkilotlar rahbarlari qatnashdi.
Dastavval, viloyat hokimi Prezidentimizning yaqinda AQSHda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqi, unda yoshlar ta’lim-tarbiyasi borasida ilgari surilgan xayrli tashabbuslar mohiyati haqida batafsil to‘xtaldi.
Tadbir davomida, talabalar olib borayotgan ilmiy izlanishlari, innovatsion loyihalari – ishlanma va ixtirolari bilan tanishtirib, bugungi kunda yoshlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar xususida to‘xtaldilar. Samimiy ruhda kechgan muloqotda talabalar uchun grant tanlovlarini joriy qilish, Namangan shahrida milliy qadriyatlar muzeyini ochish, viloyat hokimi stipendiyasini ta’sis etish, talabalar uchun alohida jamoat transportini ajratish, Yangi Namangan shaharchasida oliy o‘quv yurti binolari oldidagi piyodalar o‘tish joylarida svetofor va radar o‘rnatish hamda yo‘l harakati bo‘yicha nazoratni kuchaytirish kabi o‘ttizdan ortiq murojaatlar tinglandi.
– Yangi O‘zbekistonda yosh avlod kamoloti uchun qaratilayotgan g‘amxo‘rlik va imkoniyatlardan samarali foydalanib kelayotgan yoshlardanman. Yigirma sakkiz yoshimda texnika sohasida muddatidan ilgari falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘ldim, – deydi Namangan davlat texnika universiteti magistranti Fayzullo Rahimov. – Ayni vaqtda paxtani qayta ishlash bo‘yicha ilmiy izlanishlarimni davom ettirgan holda professorlik dissertatsiyasini himoya qilish ustida izlanmoqdaman. 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz farmoni bilan “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga munosib ko‘rilganim hayotimda unutilmas voqea sifatida muhrlandi. Hokim bilan muloqotda biz kabi ilmiy izlanuvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan patent markazini tashkil etish haqidagi taklifim e’tiborga olinganligidan behad minnatdorman.
[gallery-25519]
Shavkat Abdurazzoqov har bir taklif va tashabbusni qo‘llab-quvvatlash, talabalarning muammolarini ijobiy hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlar mutasaddilariga aniq muddatlari bilan topshiriqlar berdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.