O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari Abdushukur Hamzayev Toshkent davlat kimyo texnologiya instituti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda partiya yetakchisi bugungi kunda yurtimiz va butun dunyoda dolzarb bo‘lib turgan ekologik muammolar, ularning kelib chiqish sabablari hamda bartaraf etish yo‘llari haqida atroflicha fikr bildirdi. Shuningdek, turli ekologik muammolarni hal etishda yoshlarning faol ishtiroki katta ahamiyatga ega ekani, barqaror kelajak aynan yosh avlod vakillari tomonidan barpo etilishini ta’kidladi.


Uchrashuv davomida partiya tomonidan amalga oshirilayotgan ekologik dasturlar, xalqaro hamkorlik doirasidagi kelishuvlar va yangi tashabbuslar haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga, joylarda ekologiyani muhofaza qilish bo‘yicha olib borilayotgan amaliy ishlar va qonunchilikdagi yangiliklar haqida to‘xtalib o‘tildi. Suhbat davomida yoshlarning faol fuqarolik pozitsiyasi, ekologiyaga bo‘lgan mas’uliyatli munosabati va yangi g‘oyalarga intilishi alohida e’tirof etildi.


Uchrashuv davomida Toshkent kimyo texnologiya instituti hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish tadbiri ham tashkil etildi. Unda A.Hamzayev ko‘chat ekishning o‘ziga xos agrotexnik qoidalari, parvarishlash tartibi haqida batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi. Shuningdek, yashil hududlarni ko‘paytirishning ahamiyati haqida to‘xtalib, qurg‘oqchilikning oldini olishda yashil maydonlarni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi.
Tadbir doirasida 400 tupdan ortiq manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA