Andijon mashinasozlik institutida “Kelajaging uchun ovoz ber!” shiori ostida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Institut professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizning yangilangan konstitutsiyasi mazmun-mohiyati, uning fuqarolar haq-huquqlari himoyasi va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati xususida so‘z yuritildi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon mashinasozlik institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Akmaljon Ermatov, Andijon viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhammadbobur Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Andijon viloyati filiali boshlig‘i o‘rinbosari Hayotbek Akbarov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnora Abduvohidova ishtirokchilarga “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasiga kiritilgan yangi moddalar, normalar haqida ma’lumot berdi.
[gallery-11206]
Ayniqsa, yoshlar, ularning bilim olishi, ishga joylashishi, salomatligi, o‘z salohiyatlarini yuzaga chiqarishi bilan bog‘liq normalar haqida tushuntirishlar berildi. Shuningdek, tadbirda joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladigan umumxalq referendumi, ana shu jarayonga tayyorgarlik xususida ham so‘z yuritildi. Tadbir ishtirokchilari, talaba yoshlar o‘tkaziladigan referendumda faol qatnashishlarini ta’kidlab, mamlakatimiz fuqarolari haq-huquq va manfaatlari himoyasini mustahkamlashga, yurtimiz taraqqiyoti, porloq kelajagini ta’minlashga xizmat qiluvchi yangilangan konstitutsiyani ma’qullab ovoz berishlarini aytishdi.
Talabalar qonun loyihasi, referendumga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA