Urganch davlat pedagogika institutida 9-may – Xotira va qadrlash kuni arafasida talaba-yoshlar uchun "Jadidlar bog‘i"ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bog‘ nafaqat jadidlarimizning siymolari va hikmatli so‘zlarini o‘zida jamlangan makon, balki talaba-yoshlar uchun yashil tabiat qo‘ynida kitoblar mutolaa qiladigan ma’rifat maskaniga aylandi.

Unda Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon, Munavvarqori Abdurashidxonov, Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat va boshqa 20 dan ortiq jadid bobolarimizning siymolari yaratildi.

Tadbirda jadidlarimizning millatparvarlik ruhida yozilgan asarlari, yurt ravnaqi yo‘lidagi fidoyiliklari, ma’rifat va ilmga intilganliklari, yoshlar ulardan ibrat olishlari lozimligi qayd etildi.

Shuningdek, ochilish marosimida el ardog‘idagi shoir va yozuvchilar, ko‘p yillar yoshlarga bilim bergan nuroniy ustozlar ishtirok etib, yangi bog‘ning yoshlar faoliyati va hayotidagi o‘rni xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA