Yoshlarni salbiy ta’sirlardan himoya qilish, ularni jamiyatning mas’uliyatli va bilimli a’zosi sifatida shakllantirish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biridir.
Ayniqsa, yurtimizning zamonaviy yosh avlodi dunyoviy va milliy qadriyatlarni birdek o‘zlashtirayotgan bir vaqtda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish zarurati ham kundan-kunga ortib bormoqda.
Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning salbiy ta’siri nafaqat ularning shaxsiy hayotiga, balki jamiyatning barqarorligiga ham putur yetkazishi mumkin. Jumladan, yoshlar orasida giyohvand moddalar iste’moli, diniy aqidaparastlikka moyillik va onlayn qimor o‘yinlari kabi omillar ortidan huquqbuzarliklar sodir etilayotgani kuzatilmoqda. Bunday salbiy holatlar jamiyatda jinoyatchilikni ko‘paytirish, psixologik muammolarni chuqurlashtirish va yoshlarning ijtimoiy uyg‘unligini buzishga sabab bo‘lishi mumkin.
Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda turli profilaktik tadbirlarni tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Talabalar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistratura tinglovchisi, podpolkovnik Olimxon Ergashev, universitet inspektori Muazzam Jo‘rayeva, fakultet dekanlari va talabalar ishtirok etdi. Ular huquqbuzarliklarning oldini olish, giyohvandlik, ekstremizm, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi xavf-xatarlar haqida fikr yuritdi.
Podpolkovnik Olimxon Ergashevning ta’kidlashicha, yoshlar orasida internet orqali yoyilayotgan tahdidlar, jumladan, onlayn qimor o‘yinlari va giyohvandlik moddalarini targ‘ib qiluvchi axborotlarning ko‘payishi jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Shu sababli, yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyatini shakllantirish, ularni salbiy ta’sirlardan himoya qilish va turli huquqbuzarliklarning oqibatlarini tushuntirishda profilaktika ishlari muhim hisoblanadi.
Qayd etilganidek, ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida hamkorlikda profilaktika tadbirlarini yo‘lga qo‘yish yoshlar orasida huquqiy madaniyatni oshirishning samarali usullaridan biridir.
- Yoshlarni sog‘lom va xavfsiz muhitda tarbiyalash har bir jamiyat uchun muhim. Shu sababli, davra suhbatlari, ma’ruzalar, ko‘rgazmali tadbirlarni tashkil etish ularning huquqiy savodxonligini shakllantirishga yordam beradi. Bunda talaba-yoshlarni mas’uliyatli fuqarolar sifatida shakllantirish orqali mamlakatning barqarorligi va kelajagi ta’minlanadi. Shunday ekan, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qilish organlari va ota-onalar hamkorlikda yoshlar orasida huquqbuzarliklarning oldini olishda o‘z hissasini qo‘shishlari zarur, -dedi O.Ergashev.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA