Hozirgi kunda sog‘liqni saqlash tizimida eng dolzarb muammolardan biri shifoxonalarda navbat kutish masalasidir. Aholining katta qismi tibbiy ko‘rikdan o‘tishda yoki oddiy diagnostika jarayonlarida ko‘p vaqtini sarflaydi. Aynan shu muammoni yechish maqsadida Turin politexnika universiteti magistri Asadbek O‘rinov tomonidan ishlab chiqilgan “Body Tester” nomli innovatsion loyiha dolzarb yechim sifatida ilgari surildi.
Mazkur ishlanma “O‘zbek olimlarining innovatsion g‘oyalari” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, Savdo-sanoat palatasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi hamkorligida amalga oshirilmoqda. Loyiha mamlakatimizda yosh olimlarning g‘oyalarini amaliyotga joriy etish, ilm-fan natijalarini real iqtisodiy foydaga aylantirishga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda aholi ko‘plab shifoxonalarda oddiy ko‘rikdan o‘tish va diagnostika uchun soatlab navbatda turishga majbur. Qolaversa, bemorning tibbiy ma’lumotlari qog‘oz shaklida taqdim etilib, bu omillar bir necha noqulayliklarga sabab bo‘ladi. Bu nafaqat vaqt yo‘qotish, balki tibbiyot xodimlarining ortiqcha bandligiga ham sabab bo‘ladi. “Body Tester” loyihasining asosiy g‘oyasi ushbu jarayonni avtomatlashtirish, bemorning tanaviy holatini qisqa vaqt ichida tahlil qilib, dastlabki ma’lumotlarni ularga elektron yetkazib berishdan iborat.
Asadbek O‘rinovning mazkur tashabbusi nafaqat tibbiyot sohasidagi muammoni hal etishga, balki fan va biznes o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Chunki loyiha natijasi sifatida yaratilgan qurilmani ishlab chiqarish, uni sog‘liqni saqlash muassasalariga yetkazish va texnik xizmat ko‘rsatish uchun xususiy sektor bilan hamkorlik zarur.
Bu borada “O‘zbek olimlarining innovatsion g‘oyalari” loyihasi yosh tadqiqotchilarga texnik, huquqiy va moliyaviy ko‘mak ko‘rsatmoqda. Ularning ishlanmalari tijoratlashtirish bosqichiga chiqarilib, mahalliy hamda xorijiy investorlar e’tiboriga havola etilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA