Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, talaba yoshlarning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri tashkil etilganini o‘rganish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘ldilar. Ularga dastlab talabalar yotoqxonasida qoladigan qizlarning bo‘sh vaqtlaridagi mashg‘ulotlari: kasb-hunarga o‘rgatish, xususan, kompyuter savodxonligi, pazandachilik, go‘zallik salonlarida ishlash, tikuvchilik, bola parvarishi kabi ko‘nikmalarini hosil qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdim etildi. Shu bilan birga qizlar orasida sog‘lom turmush kechirish targ‘iboti, sport bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilgan sharoitlar tanishtirildi.
Talaba qizlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent shahar va Yakkasaroy tuman hokimi o‘rinbosarlari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining joylardagi vakillari tomonidan ma’ruzalar qilindi. Ruhshunos mutaxassislarning maslahatlari tinglandi. Asosiy urg‘u xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikka hissa qo‘shish, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini maroqli va mazmunli o‘tkazish masalalariga qaratildi. Bu borada ayniqsa pedagoglik kasbini tanlab, joylardagi bilim dargohlariga boradigan talaba qizlarga katta ishonch bildirilayotgani ta’kidlandi.
- “Besh tashabbus” bo‘yicha qizlarni kasbga tayyorlashda pazandachilik yo‘nalishida katta kurs talabalarimiz ustoz-shogird an’anasini davom ettirib ularga hunar o‘rgatishadi, - deydi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Gulnoza Jo‘rayeva. – Hozirda 200 nafardan ziyod tikuvchi qizlarimiz bor. Har bir talaba o‘qish davomida biror-bir kasbni ham egallaydi. Albatta ularning bo‘sh vaqtlari qolmaydi. Undan tashqari kompyuter savodxonligi bo‘yicha ham kurslar bor. Tarjima yo‘nalishiga kirgan qizlarimiz bundan foydalanishadi.
Albatta ana shunday uchrashuvlar yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni kamaytirishga, ma’nan va jismonan barkamol bo‘lishlariga hissa qo‘shadi. Bu kabi tadbirlarni Toshkent shahrining qator ilmiy muassasalarida ham davom ettirishga kelishib olindi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/TTkrE0N4_fU" title="Talaba qizlar bo‘sh vaqtlarida nima bilan shug‘ullanyapti?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA