Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Talaba o‘qigan maktab” loyihasi
10:55 / 2023-11-03

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filiali o‘z qadriyatlariga ega bo‘lgan ilm-fan dargohidir. Bu yerda professor-o‘qituvchilar, talabalar tomonidan amalga oshirilayotgan bir qator loyihalar borki, ularning mazmun-mohiyati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Masalan, “Olim o‘qigan maktab”, “Bir kunlik talaba” loyihalari mana bir necha yillardan buyon amalga oshirilmoqda. Maqsad yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun sharoit yaratishdir.

TDTU Olmaliq filiali jamoasi yaqinda yana bir tashabbusni boshladi. Oliy o‘quv yurti ijtimoiy-ma’naviy hayotida faol bo‘lgan, o‘zining yaxshi o‘qishi bilan namuna ko‘rsatgan talabalar tahsil olgan maktab jamoasi va o‘quvchilari bilan “Talaba o‘qigan maktab” loyihasi doirasida uchrashuvlar tashkil etilmoqda.

Metallurgiya va kimyoviy texnologiyalar fakulteti 3-bosqich talabasi Bunyod Mahmudov ta’lim olgan O‘rta Chirchiq tumanidagi 47-son umumta’lim maktabiga oliy o‘quv yurti rahbariyati, ijodkor talabalar guruhi, “Ibrat” teatr truppasi a’zolari borib maktab o‘qituvchilari va o‘quvchilar bilan uchrashdi.

Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida ijodkor talabalar rahbariyat va jamoa tomonidan har tomonlama qo‘llab quvvatlanadi. Oliy o‘quv yurtida yoshlarga jahon standartlari darajasida ta’lim berish uchun barcha imkoniyat bor. Professor-o‘qituvchilar jamoasi yoshlarga mutaxassislik sirlarini o‘rgatish bilan birga har bir iqtidorli talabani e’tibordan chetda qoldirmay, o‘qish hamda ijod sohasida qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Bunyod Mahmudov, Abduxalil Ismatov, Sevinch Abdug‘ofurova, Mardonbek Nuralibekov, Asadbek Abduazimov va boshqa ko‘plab iqtidorli yoshlar filial ma’naviy-ma’rifiy faoliyatida o‘z o‘rniga ega.

Filial rahbari Alisher Samadov uchrashuvda yoshlarning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishida ota-ona, ustozlar, bir so‘z bilan aytganda, jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi juda muhimligini, yoshlarning kamol topishida kattalarning so‘zi, o‘rni, mehnati beqiyosligini ta’kidladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati A.Nazirqulov bugungi kunda olib borilayotgan ta’lim islohotlari, yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar haqida so‘zladi. 

Maktab ma’muriyati, o‘qituvchilari va Bunyod Mahmudovning ota-onasiga filial jamoasining tashakkurnomalari hamda kitoblar to‘plami taqdim etildi.

Mazkur loyiha davom etadi.

A.Musayev, O‘zA muxbiri