Yaqin kunlarda mamlakatimizda takroriy pilla parvarishlash mavsumi boshlanadi. Mavsumga esa tayyorgarlik ishlari avj pallada davom etmoqda. Xo‘sh, takroriy qurt boqish uchun nimalar qilish kerak bo‘ladi.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, takroriy qurt boqish uchun mos keladigan qurtxona salqin va yozning issiq vaqtida qurtlarni issiqlik ta’siridan saqlay oladigan bo‘lishi kerak. Bunday qurtxonalarning devorlari qalin, tomi loy bilan suvalgan, atrofi daraxt bilan o‘ralgan va qurtxona yaqinida tez oqadigan katta ariq bo‘lishi lozim.

Takroriy qurt boqish uchun yengil tipda solingan ochiq imoratlar, saroy va ayvonlar mutlaqo yaramaydi. Keng, yorug‘, derazalari katta va tunuka tomli binolar ham ma’qul ko‘rilmaydi, chunki bunday binolar, agar atrofida daraxt bo‘lmasa, quyosh nuri ta’siridan juda tez qizib ketadi.
Qurtxonada kechasi bilan pasaytirilgan haroratni saqlash uchun kunduzi tashqaridagi issiq havoning binoga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Buning uchun qurtxonaning eshik va derazalarini yaxshilab berkitish lozim. Derazalarni tashqi tomonidan parda, bo‘yra, taxta yoki boshqa materiallar bilan to‘sib qo‘yish kerak bo‘ladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA