Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani G‘ovshun hududida joylashgan “Umrbek Fayz” fermer xo‘jaligida qishloq xo‘jaligi sohasi uchun seminar tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston fermerlari kengashi xodimlari, qishloq xo‘jaligiga mas’ul tashkilotlar va sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdilar.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek agrar sohada samaradorlikni oshirish va yangi ish tajribalarini joriy qilish maqsadida o‘tkazildi.
Seminarda asosiy e’tibor g‘alladan bo‘shagan maydonlardan oqilona foydalanish masalasiga qaratildi. Xususan, takroriy ekin sifatida moyli ekinlarni yetishtirish imkoniyatlari va bu jarayonning iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyati muhokama etildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, g‘alladan bo‘shagan yerlarni samarali ishlatish bir qator afzalliklarni beradi.Yer unumdorligini oshirish,
ichki bozorni sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash, fermerlar daromadini ko‘paytirish. Shu bilan birga, moyli ekinlarning bozordagi talab yuqoriligi ularni takroriy ekin sifatida yetishtirishni yanada maqsadga muvofiq qiladi.
Seminar davomida Respublika fermerlari kengashi mutaxassislari ishtirokchilarga ilmiy asoslangan agrotexnik maslahatlar berdilar. Xususan, takroriy ekinlarni ekish muddatlari, ularning agrotexnik talablari va samaradorligini oshirishga oid amaliy tavsiyalar taqdim etildi.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bugungi kunda qishloq xo‘jaligida tajriba almashish, yangi texnologiyalarni joriy qilish va agronomik bilimlarni amaliyotga tatbiq etish — hosildorlik va samaradorlikni oshirishning asosiy garovidir.
M.Turdiyev,
O‘zbekiston fermerlari kengashi mutaxassisi