English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Takroriy ekin – ma’murchilik manbai
14:21 / 2014-07-10

Joriy yilda Surxondaryo viloyatida g‘alladan bo‘shagan maydonlarning 40 ming 478 gektarida oziq-ovqat ekinlari parvarishlanadi.

Joriy yilda Surxondaryo viloyatida g‘alladan bo‘shagan maydonlarning 40 ming 478 gektarida oziq-ovqat ekinlari parvarishlanadi.

Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mavjud ekin maydonlaridan samarali foydalanib, aholini sifatli, tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etayotir. Fermerlik harakatining qishloqda yetakchi kuchga aylangani takroriy oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda ham o‘z ifodasini topib, yerga, mulkka munosabatni tubdan o‘zgartirdi. Mahalliy iqlimga mos, ertapishar, serhosil g‘alla navlarini parvarishlayotgan tajribali fermerlar boshoqli don hosilidan bo‘shagan maydonlarning bir qismida oziq-ovqat ekinlari urug‘ini qadab, qo‘shimcha daromad olmoqda.

Viloyat qishloq va suv xo‘jaligi boshqarmasidan xabar qilishlaricha, voha fermerlari bu yil somon poyalardan tozalangan maydonlarning 7 ming 624 gektarida poliz, 10 ming 387 gektarida sabzavot mahsulotlari, 7 ming 933 gektarida dukkakli oziq-ovqat ekinlari yetishtiradi. 3 ming 500 gektar maydonda kungaboqar, 410 gektarda sholi, yetti ming gektardan ortiq maydonda don va makkajo‘xori parvarishlaydi. Ayni kunlarda takroriy ekin ekish yumushlari Sariosiyo, Denov, Qumqo‘rg‘on, Angor kabi tumanlarda uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.

Oltinsoy tumani mirishkorlari g‘alladan bo‘shagan maydonlarning bir ming 851 gektarida o‘ttiz ming tonnadan ortiq sifatli mahsulot yig‘ib olishni mo‘ljallamoqda. Buning uchun fermerlarni hudud iqlimiga mos urug‘, yoqilg‘i-moylov materiallari va mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlashga alohida e’tibor berilmoqda.

– Kechki oziq-ovqat mahsulotlarini parvarishlash fermerlarimiz uchun qo‘shimcha daromad manbaiga aylandi, – deydi tuman fermerlar kengashi raisi Ahmad Majidov. – Kuzda yig‘ib olinadigan hosilning bir qismini arzon narxlarda mahalliy bozorda sotish ko‘zda tutilmoqda. Bir qismi qishki mavsum uchun g‘amlab qo‘yiladi. Ehtiyojdan ortiq mahsulot xorijga eksport qilinadi.