Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Takroriy ekin – hosildorlik va barqarorlik kafolati
12:49 / 2025-08-01

O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligida yerdan samarali foydalanish, takroriy ekinlar maydonini kengaytirish, tomorqachilik va suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning tashabbuslari va rahbarligida qabul qilingan farmon va qarorlar ushbu yo‘nalishda amaliy natijalarni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Joriy yilning yoz mavsumida Jizzax viloyati Baxmal tumanida g‘alladan bo‘shagan 1669 gektar yer maydoniga to‘liq takroriy ekinlar ekildi. Bu orqali hosildorlik oshirilib, ichki bozorni arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligi hamda narx barqarorligini ta’minlashga erishildi.

Takroriy ekinlardan samarali foydalanish natijasida kartoshka 950, ozuqa ekinlari 513, dukkakli ekinlar 104 va sabzavotlar esa 102 gektar maydondan joy oldi. Barcha ekinlar yuqori hosil beradigan, eksportbop navlar asosida tanlab yetishtirilmoqda, agrotexnik talablarga qat’iy amal qilinayotgani e’tiborga loyiq.

Ayniqsa, tomchilatib sug‘orish va boshqa suvni tejovchi texnologiyalarning keng joriy etilayotgani e’tiborga loyiq. Bu usullar suv sarfini sezilarli darajada kamaytirib, hosil sifatini yaxshilash bilan birga, iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligining barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tumandagi “Sunnatilla Isroilov”, “Baxmal mehr nuri”, “Gulbuloq Eksport”, “Saydaxmedov Sayfiddin” kabi fermer xo‘jaliklari fidokorona mehnati bilan ajralib turibdi. Ular nafaqat mahalliy ehtiyojni qondirish, balki eksport uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni yetishtirishda ham faollik ko‘rsatayotir.

O‘tgan 2023–2024 yillarda qabul qilingan Prezident qarorida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, tomorqadan oqilona foydalanish va takroriy ekinlar maydonini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Baxmal tumanidagi natijalar mazkur qaror va dasturlar samarali ijro etilayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Bugungi sharoitda yerdan ikki-uch marta foydalanish imkoniyatini beruvchi takroriy ekin yetishtirish orqali qishloq aholisining daromad manbalari kengaymoqda, ichki bozorda mahsulot tanqisligi bartaraf etilmoqda, eksport hajmi esa bosqichma-bosqich ortib borayotganini ham shu o‘rinda ta’kidlab qo‘yish joiz.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari