Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham g‘alladan bo‘shagan maydonlar xalqimiz dasturxonini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida takroriy ekinlar ekishga tayyorlanmoqda. Ushbu maydonlarda mavsumiy ekinlarni ekish, ayniqsa, eksportbop mahsulotlarni joylashtirish muhim hisoblanadi.
O‘zbekiston Fermerlar kengashi, qishloq xo‘jaligi vazirligi, tuman hokimliklari vakillari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida joylarda takroriy ekin ekishni tashkil etish bo‘yicha seminarlar o‘tkazilmoqda.
Darhaqiqat, joriy yilgi mavsum Qoraqalpog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligida agrar ishlab chiqarishni barqarorlashtirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida muhim bosqich bo‘lmoqda. Xususan, g‘alla o‘rim-yig‘imidan so‘ng bo‘shagan yer maydonlaridan ikkilamchi foydalanish – ya’ni takroriy ekinlar ekish masalasi mahalliy hokimiyatlar hamda fermer xo‘jaliklari e’tiborida.

Bugungi kunda takroriy ekinlar – qisqa vegetatsiyali, tez pishib, qisqa muddatda bozorga chiqariladigan ekinlar hisoblanadi. Ular nafaqat iqtisodiy jihatdan daromadli, balki tuproq unumdorligini oshirish va yil davomida yer resurslaridan foydalanish samaradorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillarining ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2 ming 990 gektar maydon takroriy ekin uchun ajratilgan. Shundan 2 ming 347 gektar maydonda ekish ishlari amalda bajarilgan. Bu ko‘rsatkich umumiy rejaga nisbatan 78,5 foizni tashkil etadi. Ushbu raqamlar mintaqada ekin ekish ishlari bosqichma-bosqich, barqaror amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, takroriy ekinlar quyidagi jihatlari bilan ahamiyatlidir.
Yer resurslaridan samarali foydalanish orqali bir yilda ikki marotaba hosil olish imkoniyati mavjud bo‘ladi. Shuningdek, fermerlar daromadi yanada oshadi. Tuproq unumdorligini tiklashda dukkakli ekinlar azot to‘plash xususiyatiga ega bo‘lib, tuproqni boyitadi. Yil davomida ish o‘rinlarini – qishloq joylarda ishchi kuchining barqaror bandligini ta’minlaydi.

Bugungi kunda takroriy ekin ekish ishlarida eng faol qatnashayotgan fermer xo‘jaliklari avvalgidek yirik korxonalar emas, balki o‘rta va kichik fermerlar hisoblanadi. Ular shartnoma asosida urug‘, texnika, yoqilg‘i va sug‘orish tizimi bilan ta’minlanmoqda. Hududiy hokimliklar, qishloq xo‘jaligi bo‘limlari va agrar tizim mutaxassislari joylarda monitoring olib bormoqda. Amalda ekindan bo‘shagan ekin maydonlari doimiy ravishda hisobga olinmoqda, ekishni kechiktirishga yo‘l qo‘yilmayapti.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlarida takroriy ekinlar ekish ishlarining jadallik bilan davom etayotgani hudud agrar sektori uchun ijobiy tendensiya hisoblanadi. Bunday tizimli yondashuv orqali mintaqada ichki va tashqi bozorlarga yangi mahsulotlar uzluksiz yetkazib beriladi va aholining oziq-ovqat xavfsizligi mustahkamlanadi.
Mutasaddilar takroriy ekin ekish rejasi to‘liq bajarilishini ta’kidlamoqda. Bu esa 2025 yil Qoraqalpog‘iston agrar sohasi uchun eng sermahsul yillardan biri bo‘lishini ta’minlaydi.
Dovud Abibullayev, O‘zA