Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Takomillashayotgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasida sifat, muhit va natija birinchi o‘ringa chiqariladi
20:07 / 2026-01-08

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikda yangilanayotgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda akademik-professorlar, o‘qituvchi va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Muhokama avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi prorektori Alisher Umarov hamda markaz ijrochi direktori Eldor Tulyakovlar so‘zga chiqib, Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan vazifalar, xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini takomillashtirish masalasi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida amaldagi Strategiyada belgilangan vazifalarning ko‘lami, bajarilgan ishlar, erishilgan samaradorlik ko‘rsatkichlari, shuningdek, uni takomillashtirish zarurati, ko‘zda tutilayotgan yuqori marralarning ahamiyati haqida fikr yuritdi. 

Ta’kidlanganidek, 2023 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotida sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab bergan muhim strategik hujjat hisoblanadi. Unda Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq ravishda inson qadrini yuksaltirish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish va xalq xizmatiga yo‘naltirilgan davlatni barpo etish asosiy ustuvor maqsadlar sifatida belgilandi.

Strategiyani amalga oshirishning dastlabki bosqichida to‘plangan amaliy tajriba shuni ko‘rsatdiki, ayrim maqsad va vazifalarni yanada aniqlashtirish, ularni yillar kesimida rejalashtirish, moliyalashtirish manbalari hamda ijro uchun mas’uliyatni ochiq belgilash zarurati mavjud. Jamoatchilik muhokamalari, hududlardan kelib tushgan takliflar va ijro jarayonida aniqlangan omillar strategiyani takomillashtirishga bo‘lgan ehtiyojni yanada kuchaytirdi. 

– Ana shu asosda ishlab chiqilgan takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi amaldagi hujjatning mantiqiy davomi bo‘lib, uning mazmunan va usluban yangi bosqichini ifoda etadi. Eng avvalo, strategik yondashuvdagi asosiy farqqa e’tibor qaratmoq lozim. Amaldagi strategiyada asosiy maqsadlar va ustuvor yo‘nalishlar belgilab berilgan bo‘lsa, takomillashayotgan tahrirda har bir maqsad aniq yillik indikatorlar bilan bog‘langan. Masalan, amaldagi strategiyada ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarida qamrovni kengaytirish asosiy vazifa sifatida belgilangan bo‘lsa, takomillashayotgan strategiyada sifat, muhit va natija birinchi o‘ringa chiqarilgan. Jumladan, maktabgacha ta’limda bolalarni qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish bilan birga, barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarini toza ichimlik suvi hamda zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan 100 foiz ta’minlash aniq maqsad sifatida belgilanmoqda. Bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish ham yilma-yil ko‘rsatkichlar orqali ta’minlanmoqda, – dedi Eldor Tulyakov. 

Uchrashuv davomida Strategiya loyihasiga kiritilayotgan o‘zgarishlar, amaldagi va yangilanayotgan loyihadagi maqsadli samaradorlik ko‘rsatkichlari tahlili bo‘yicha taqdimot qilindi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ma’lumotida.

Ishtirokchilarning savollariga javob berildi. Shuningdek, jamoatchilik muhokamasida qatnashgan Davlat boshqaruvi akademiyasining professor-o‘qituvchi va tinglovchilari, doktorant-tadqiqotchilari hujjat loyihasi bo‘yicha o‘zlarining qator taklif va tashabbuslarini bildirishdi.

A.RUSTAMOV, O‘zA