Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi xalqaro hamjamiyat muhokamasida
17:43 / 2026-01-22

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi va BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasining xalqaro hamjamiyat bilan jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi.

Unda 150 nafardan ortiq ekspert, xususan, Oliy Majlis Senati a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mamlakatimizda o‘z faoliyatini yuritayotgan xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, BMT tizimidagi agentliklarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari va dunyoning turli chekkalaridan xorijiy ekspertlar ham qatnashdi.   

Tadbirni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sabine Mahl kirish so‘zi bilan ochib berdi.  

[gallery-27258]

– Ushbu tadbirning mohiyati xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muloqot va hamkorlikdir. Biz xalqaro ekspertlarning fikrlari, tavsiyalari va amaliy takliflarini muhim, deb hisoblaymiz. Chunki aynan shu mulohazalar strategiyani yanada mukammal qilishga, uning amaliy mexanizmlarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bugungi tadbirdan kutilayotgan asosiy natija –xalqaro ekspertlar va diplomatik korpusdan olinadigan aniq takliflarni strategiyaning yakuniy tahrigiga integratsiya qilish. Shu bilan birga, bu muloqot O‘zbekistonning ochiqlikka, shaffoflikka va xalqaro hamkorlikka sodiq ekanini yana bir bor namoyon etadi. Natijada yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning kelgusi o‘n yillikdagi rivojlanishini belgilab beruvchi raqobatbardosh, amaliy va xalq manfaatlariga xizmat qiluvchi strategik dastur sifatida shakllanadi, – dedi o‘z so‘zida Eldor Tulyakov. 

– Bugungi muloqot muhim pallada o‘tkazilmoqda. 2025 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2026 – 2030 yillarga mo‘ljallangan “Barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlik dasturi”ni imzoladi. Ushbu dastur 2026 – 2030 yillar davomida mamlakatda barqaror rivojlanish natijalarini ilgari surish bo‘yicha umumiy qarashimizni aks ettiradi, – dedi BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sabine Mahl.   

2023 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotida sifat jihatdan yangi bosqichni boshlab bergan muhim hujjat hisoblanadi. Shu bilan birga, jahonda yuz berayotgan global o‘zgarishlar, xalqaro bozorlardagi tebranish, sanoat va texnologiyalarning keskin rivojlanishi hamda energiya bozorlaridagi transformatsiya O‘zbekistondan ham yangi yondashuvlarni talab etmoqda.   

Endilikda esa takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining har bir maqsadi bo‘yicha alohida indikatorlar, maqsadli ko‘rsatkichlar, raqam, foiz va boshqa ko‘rsatgichlarda belgilanmoqda. Xususan, Strategiyaning 90-maqsadi doirasida O‘zbekistonning faol diplomatiyasi, faol tashqi siyosati natijasida fuqarolarimiz turli maqsadlarda xorijiy davlatlarda faoliyat yuritayotganini guvohi bo‘lmoqdamiz.   

Bugungi kunda tashqi siyosiy faoliyat olib borish jarayonida O‘zbekistonning diplomatik va konsullik vakolatxonalari orqali xorijdagi 8 500 nafar fuqaroga konsullik xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Mazkur ko‘rsatkichni 2030 yilga borib 100 ming nafarga yetkazish maqsad qilinmoqda, bu maqsadga har yili – kelgusi besh yil davomida ko‘rsatkichlarni davriy oshirib borish orqali erishish nazarda tutilgan. Shuningdek, konsullik xizmatlarini nafaqat an’anaviy mexanizmlar, balki bugungi kunda ommalashayotgan sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalar orqali ham sifat jihatidan, ham ko‘lam jihatdan oshirish ko‘zda tutilmoqda.   

Bugun kungacha Strategiya loyihasi bo‘yicha yurtdoshlarimizdan 3 mingga yaqin fikr va takliflar kelib tushdi. Ular mutaxassislar tomonidan har kuni saralanib, o‘rganib borilmoqda.   

Tadbir davomida Strategiya loyihasida belgilanayotgan vazifalarni yanada takomillashtirish yuzasidan xalqaro ekspertlar o‘z munosabatlari va takliflarini bildirdi.   

A.RUSTAMOV, O‘zA