Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Takliflar saralanib, ekspertlar, siyosatchilar ishtirokida muhokama qilinmoqda
18:02 / 2022-08-05

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlandi. Endilikda kelib tushgan 150 mingdan ziyod takliflar saralanib, ekspertlar, mutaxassislar, olimlar, siyosatchilar ishtirokida muhokama qilinmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma majlisida ham «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi davrida mas’ul qo‘mitalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda umumxalq muhokamasi yakunlari ko‘rib chiqildi.

Qo‘shma yig‘ilishda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasida o‘z fikr-mulohazalari bilan faol ishtirok etgan va takliflari dolzarb deb topilgan fuqarolarning takliflari ularning ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

— Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan davlat organlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarida keng ko‘lamli muhokamalar amalga oshirildi, — deydi quyi palataning Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov. — Qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish maqsadida vazirlik, idora va tashkilotlarda, respublika bo‘yicha barcha tuman va shaharlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida 20 mingga yaqin tadbirlar tashkil etildi. Muhim siyosiy jarayonda yoshlar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillaridan tortib, vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan barcha yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, o‘z taklif va fikr-mulohazalarini berdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga chiqarilgandan so‘ng 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi.

Yig‘ilishda fuqarolar tomonidan kelib tushgan takliflar mazmuniga alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, ushbu takliflar orasida inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash, xotin-qizlar va erkaklarning gender tengligini davlat tomonidan kafolatlashga doir masalalar bor. Shuningdek, soliqqa tortishning mutanosib va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi, davlatning zarur hollarda xorijdagi fuqarolarga huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatishi, sudning inson huquq va erkinliklarini kamsituvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llashga haqli emasligini belgilash haqida va boshqa shu kabi kelib tushgan takliflar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Qo‘shma majlisda Konstitutsiyaviy komissiyaning tegishli guruhlari tomonidan takliflarni mazmuniga qarab turkumlash, o‘xshash takliflarni umumlashtirish, mavhum takliflarga aniqlik kiritish, qonun loyihasiga aloqasi bo‘lmagan takliflarni ajratib olish ishlariga to‘xtalib o‘tildi.

M.Komilova, O‘zA