Davlatimiz rahbari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan joriy yil 18 mart kuni ochiq muloqot shaklida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv oldidan aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish uchun nimalarga e’tibor qaratish zarurligini, muammo va kamchiliklarni aniqlash, bu borada jamoatchilik fikrini bilish maqsadida “Call-markaz” tashkil etilib, murojaatlar qabul qilindi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirligi va hududiy boshqarmalarda tezkor shtablar tashkil etildi.
Har bir taklif, muammo, tashabbus qayd etildi. Shu jarayonning o‘zida ko‘plab muammolarga yechim topildi, takliflar qabul qilindi. Qolgan masalalar esa uchrashuv davomida Prezident nutqida va tibbiyotchilar bilan ochiq muloqotda hal etildi.
– Ochig‘i, tibbiyotchilar bilan bunday uchrashuv o‘tkazilishini ancha vaqtdan buyon kutayotgan edik, dardlarimiz, muammolarimizni aytishni ko‘nglimizga tugib yurgandik, – deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov. – Ayniqsa, keyingi ikki yilda pandemiya sharoitida ishlab aholiga zamonaviy, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish uchun qaysi muammolarni zudlik bilan hal qilish zarurligini amaliyotda ko‘rdik. To‘g‘ri, bugun tibbiyotimiz ikki-uch yil oldingidan tubdan farq qiladi.
Birlamchi bo‘g‘inda, tez tibbiy yordam ko‘rsatishda yoki davolash profilaktika muassasalari, xususiy tibbiy markazlar faoliyatida keyingi paytda katta o‘zgarishlar bo‘ldi, xizmat ko‘rsatish sifati oshdi. Lekin baribir yillar davomida to‘planib qolgan masalalarga bir-ikki yilda barham berish qiyin. Shuning uchun uchrashuv oldidan birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va aholidan murojaatlar qabul qilinib, rahbariyatda holat yuzasidan aniq tasavvur paydo bo‘ldi. Va, shu asosida davlatimiz rahbari sog‘liq saqlash tizimi bo‘yicha yaqin yillarda yetti yo‘nalishda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab berdi.
Jumladan, birlamchi tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning tarmog‘ini kengaytirish maqsadida endilikda oilaviy shifokor punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalarda soat 20.00 ga qadar statsionar tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Shu paytgacha bu xizmat soat 13.00 ga qadar edi. Bu muassasalarda ishlaydigan shifokor va hamshiralarning ish haqiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Ilgari ijtimoiy himoyaga muhtoj bemorlar byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan faqat davlat muassasasida davolangan bo‘lsa, endi aholining istagiga ko‘ra, xususiy davolash muassasasida ham davolanishi mukin. Bunda davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘ o‘sha klinikaga to‘lab beriladi.
Tez tibbiy yordam ko‘rsatish ham takomillashadi. Ya’ni shu paytgacha amalda bo‘lgan tuman yoki viloyat chegarasiga qarab emas, bemorgacha bo‘lgan masofaning yaqinligiga qarab xizmat ko‘rsatadi. Tuman markazidan 50-80 kilometr uzoqlikda joylashgan aholi punktlari alohida tibbiy yordam brigadalari tashkil etiladi. Yana bir eng muhim yangilik – to‘rt yilda tez tibbiy yordam tizimidagi barcha “Damas” va boshqa eskirgan mashinalar zamonaviy avtomobillarga almashtiriladi. Tibbiy xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish va moddiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham muhim vazifalar belgilandi.
Endilikda tibbiyot xodimlariga malaka toifasiga qarab oylik to‘lanadi, erishgan natijasiga ko‘ra, moddiy rag‘batlantiriladi. Amaldagi tartib bo‘yicha alohida mehnat sharoitida ishlaydigan tibbiyot xodimlari yiliga bir yoki ikki marta o‘z yonidan pul to‘lab, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Aynan shu masala ko‘pchilik hamkasblarimizning e’tirozlariga sabab bo‘lib kelayotgandi.
Bu haqda biz ham uchrashuv oldidan o‘z taklifimizni bildirgandik. Davlatimiz rahbarining nutqida bu muammo ham yechim topdi. 2022 yil 1 maydan boshlab barcha tibbiyot xodimlari uchun dastlabki va davriy kasbiy tibbiy ko‘riklar bepul o‘tkaziladigan bo‘ldi. Qon bilan bevosita ishlayotgan tibbiyot xodimlari gepatit “B” kasalligiga qarshi bepul emlanadi.
Xuddi shunday – tibbiyot xodimlarining majburiy tarzda malaka oshirish kurslariga jalb etilishi, xorijda o‘z hisobidan tajriba va malaka oshirib kelishi ham dolzarb muammolardan sanalardi. Endilikda bunday holatlarga barham beriladi. Malaka oshirish va litsenziya olishdan avvalo, tibbiyot xodimining o‘zi manfaatdor bo‘ladi hamda o‘zi borib malaka oshiradi.
Xorijda malaka oshirish xarajatlari esa davlat tomonidan to‘lanadi. Bundan tashqari, oliy o‘quv yurtlarida davlat granti asosida kadrlar tayyorlash qamrovi ham sezilarli darajada oshiriladigan bo‘ldi. Tibbiyot muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilish bo‘yicha ham ko‘plab yengillik va imtiyozlar berildiki, bularning barchasi soha taraqqiyoti hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga turtki beradi.
Umuman, Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi shifoxona va poliklinikalari tibbiy xodimlari tomonidan ochiq muloqotgacha 105 ta savol va takliflar bildirilgan. Birlashma boshlig‘ining aytishicha, ko‘tarilgan muammolarga yechim topilgan, takliflar inobatga olingan. Ochiq muloqot samarasi shu-da.
G‘.HASANOV, O‘zA