Taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi
Gulistonda tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Gulistonda tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi, Savdo-sanoat palatasi, adliya va soliq boshqarmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ishbilarmonlar, huquq-tartibot idoralari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari faoliyatining mustahkam huquqiy kafolati yaratilgani, sohaga doir qonunchilik ijrosi nazoratini ta’minlash bo‘yicha ishonchli tizim shakllangani alohida ta’kidlandi. Hududlarda qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘z samarasini berayotir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda joriy yilning o‘tgan olti oyida to‘rt yuz ellikta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti ish boshlagan, tijorat banklari tomonidan xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashga 100 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratilgan. Buning natijasida tarmoq vakillarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 64 foizga yetdi.
Seminarda tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olish, sun’iy byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga doir fikr-mulohazalar bildirildi, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.