Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Takashi Xatori: O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi tinchlik muhitiga yanada ishonch ortishiga xizmat qilmoqda
11:02 / 2023-11-09

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor Elchisi Takashi Xatori bilan uchrashdi.

T.Xatori O‘zbekiston so‘nggi yillarda tashqi siyosatda faol bo‘lib, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni mustahkamlash orqali Markaziy Osiyodagi tinchlik muhitiga yanada ishonch ortishiga xizmat qilayotganini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga qilgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar rivojida yangi davrni boshlab bergani alohida ta’kidladi.

Muloqotda iqtisodiy, investitsiyaviy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda savdo, sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasini oshirish ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Oxirgi 6 yil ichida yapon kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 8 baravar oshdi. Yaponiyaning “Mitsubishi”, “Marubeni”, “Isuzu” va boshqa kompaniyalari, shuningdek, JICA xalqaro hamkorlik agentligi ishtirokida sanoat, tabiiy resurslar, ta’lim sohalarida loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mamlakatlar salohiyatidan kelib chiqib, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish, jumladan, ikki mamlakat yosh tadbirkorlar forumini o‘tkazish muhimligi aytib o‘tildi.

Uchrashuvda parlament diplomatiyasiga e’tibor qaratildi. Mazkur yo‘nalishdagi muloqotlar O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlarini rivojlantirishda muhim rol o‘ynashi qayd etildi.  

Ikki tomonlama aloqalar va o‘zaro hamkorlikni faollashtirish, ko‘p qirrali sheriklikni rivojlantirishda parlamentlarning imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.  

Xususan, mamlakatlarimiz o‘rtasida yuqori darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini ta’minlashda parlamentlar salohiyatini ishga solish muhimligi ta’kidlandi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, ayniqsa, ta’lim yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.  

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar bundan buyon ham O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash uchun barcha sa’y-harakatni ishga solishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

 

N.Abduraimova, O‘zA