Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov Yaponiya Xirosima prefekturasi assambleyasi raisi Takashi Nakamoto boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston — Yaponiya parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Muloqotda Qonunchilik palatasi Spikeri mehmon tomoniga yangi tahrirdagi Konstitutsiya va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, palataning tarkibiy tuzilishi haqida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida, T.Nakamoto samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston Yaponiya uchun ishonchli strategik hamkor ekanini ta’kidladi. So‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng miqyosli islohotlarni yuksak baholadi.

Uning fikricha, bugungi kunda yangi O‘zbekiston ortga qaytmas demokratik islohotlar va pragmatik tashqi siyosat yo‘lidan dadil qadam bosib, dunyo hamjamiyati bilan ochiq va jadal muloqot olib bormoqda.
Delegatsiya rahbari shuningdek, 2024 yil Xiroshimada O‘zbekistonning faxriy konsuli tayinlangani o‘zaro savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga keng imkoniyat yaratganini bildirdi.
Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va hududlararo hamkorlik aloqalarini mustahkamlash muhimligi urg‘ulandi.
M.Komilova,
O‘zA