Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tajribasi e’tirofga sazovor
19:37 / 2014-09-29

Buxoro viloyatida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llashda o‘ziga xos tajriba haqida gap borganda, albatta, G‘ijduvon tumanidagi 63-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining “Iqtisodiy bilim asoslari” fani o‘qituvchisi Jamshid Narziyev birinchilar qatorida tilga olinadi. 

Buxoro viloyatida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llashda o‘ziga xos tajriba haqida gap borganda, albatta, G‘ijduvon tumanidagi 63-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining “Iqtisodiy bilim asoslari” fani o‘qituvchisi Jamshid Narziyev birinchilar qatorida tilga olinadi. 

Prezidentimiz rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan tub islohotlar jarayonida o‘quvchilarning erkin fikrlashi, mushohada yuritish asosida bilimlarni chuqur egallashi, bunda interfaol usullarni keng qo‘llashga katta ahamiyat berilmoqda. Bu juda muhim. Lekin ta’lim sifati va samaradorligiga erishish uchun buning o‘zi kifoya emas. Ijodiy usul ijodiy yondashishni talab etadi. Anglayotgan bo‘lsangiz, shakl va mazmun bir butun bo‘lmog‘i lozim. Jamshid muallimning tayanch nuqtasi mana shu yerda.

– Mamlakatimiz va jamiyatimizning kelajagi yoshlar qo‘lida, – deydi muallim. – Demak, milliy iqtisodiyotimiz rivoji shu sohada o‘z o‘rnini topishga intiladigan navqiron avlod vakillariga bevosita bog‘liq. Binobarin, ular ongida iqtisodiy tafakkurni rivojlantirishda o‘qituvchilar zimmasidagi mas’uliyat katta. Yoshlar bozor iqtisodiyoti qonuniyatlari haqidagi dastlabki tushunchalarni maktabda o‘zlashtirishlari lozim. Men shunga harakat qilib, darslikka tayangan holda mashg‘ulotlarni noan’anaviy tarzda, ya’ni “Uchliklar sxemasi” asosida olib boraman.

Ijodkor muallim yaratgan yangilik o‘ziga xos texnologiyaga ega. Bunda o‘qituvchi o‘quvchilarni o‘zlashtirish darajasiga qarab bir necha guruhga bo‘lgan holda ish olib boradi. Bunda Yurtboshimiz ilgari surgan milliy iqtisodiyot hamda rivojlangan davlatlar iqtisodiyotining o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan, bank, kredit va soliq tizimlari taqqoslash asosida tahlil etiladi. O‘quvchi berilgan topshiriqni bajarishda darslik bilan cheklanib qolmasdan, qo‘shimcha adabiyotlar, internet materiallaridan ham foydalanadi. Ular navbatdagi mashg‘ulotda taqdimotni amalga oshirar ekan, boshqalar uni boyitish uchun o‘z takliflarini bayon qiladi. Hatto tortinchoq, asossiz fikr aytib qo‘yishdan cho‘chiydigan bolalar ham darsda o‘z qarashlarini bemalol ifoda etadi. Bunday dars o‘tish, munozara, bahs o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, qaror qabul qilish ko‘nikmasini shakllantiradi.

– Albatta, o‘quvchilarimning hammasi ham kelajakda iqtisodiyot sohasini tanlamasligi mumkin, – deydi J.Narziyev. – Lekin ular istiqbolda qaysi kasb etagini tutmasin, iqtisodiy bilim juda zarur bo‘ladi. Masalan, oila byudjeti va daromadi, tejamkorlik masalasi hech qaysimiz uchun begona emas.

Tajribali muallimning o‘quvchilarga fan asoslarini puxta o‘zlashtirish, ularni erkin fikr yuritishga undaydigan pedagogik texnologiyasi mana, besh yildirki, viloyatdagi hamkasblari tomonidan keng qo‘llanilayotir. Maktab-internatda “Iqtisodiy bilim asoslari” fani bo‘yicha ta’lim samaradorligini 60-65 foizdan qariyb 90 foizga o‘sishini ta’minlab, viloyatda eng yuqori natijaga erishgan muallim joriy yil mart oyida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida g‘olib bo‘ldi.

O‘ziga xos tajriba maktabi yaratgan J.Narziyev o‘z muvaffaqiyatida ustozlari Lola Qodirova va Gadoymurod Kattayevning alohida xizmati borligini e’tirof etadi. 

Har qanday kasb egasi, jumladan, muallim ham doimo izlanishi lozim. Shuning uchun ham Jamshid Narziyev muntazam o‘qib, o‘rganadi. Ayni paytda o‘zi saboq berayotgan fan bo‘yicha o‘quv qo‘llanma yaratmoqda.