Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 iyun kuni qabul qilingan “Tezkor-qidiruv hamda tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan 2025 yilning 1 yanvaridan boshlab, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda tergov sudyalari lavozimini joriy etish belgilangan.
Qarshi shahrida mazkur farmonning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan va tergov sudyasi instituti joriy etilishi munosabati bilan o‘quv-seminari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Anvar Elmurodov, Sudyalar oliy kengashi a’zosi Vahobjon Fayzullayev, Sudyalar oliy maktabi kafedra mudiri Muhammadali Nazarovlar, viloyat, tuman-shahar sudlari sudyalari, prokuratura, advokatura, ichki ishlar va bojxona organlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar mas’ullari ishtirok etdi.
Unda farmon ijrosini samarali tashkil qilish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritilib, tergov sudyalari va prokurorlarning jinoyat protsessidagi vazifalari va majburiyatlari, sudga qadar ish yuritish jarayonlarida shaxsning huquq hamda erkinliklarini ta’minlashi bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Ta’kidlash o‘rinli, hozirgi kunga qadar respublikamiz bo‘ylab bilimli va tajribali sudyalar orasidan 236 nafar tergov sudyalari tayinlandi. Shundan 17 nafari Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlarida faoliyat yuritadigan tergov sudyalarini tashkil etadi.
Joriy etilayotgan tergov sudyasi lavozimlariga tajribali va bilimli sudyalardan tanlashga e’tibor qaratildi. Ushbu institutning joriy etilishi sohadagi ortiqcha tashvishlarning oldini olib, odil sudlovni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
[gallery-20947]
O‘tkazilgan o‘quv-seminari yangi joriy etilayotgan tergov sudyasi institutidan kutilayotgan natijalar, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim jihatlar xususidagi ishtirokchilarning ko‘nikmalari oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari