Vazirlar Mahkamasi “Toshkent shahri aholisini qo‘shimcha issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida tajriba-sinov loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahar hokimligiga qarashli 11 ta tumandagi mavjud ko‘p kvartirali uy-joylarni kogeneratsiya hamda gaz dvigateli bilan elektr energiya ishlab chiqaruvchi uskunalarni o‘rnatish orqali isitish va elektr energiyasi bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga muvofiq, Energetika vazirligi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali bir hafta muddatda uskunalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan aloqa o‘rnatib, tayyor uskunalarni O‘zbekistonga qisqa muddatlarda yetkazib berish hamda o‘rnatish, shu jumladan, texnik ta’minlash bo‘yicha tijorat takliflarini tayyorlab Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.
Uskunalarni xarid qilish va ishga tushirish hamda zaruratga ko‘ra ko‘p kvartirali uylarning ichki va uskunalargacha bo‘lgan issiqlik tarmoqlari va elektr tizimini yangilash (qurish yoki rekonstruksiya qilish) ishlarini amalga oshirishda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati buyurtmachi qilib belgilangan.
Buyurtmachi narx, sifat, yetkazib berish muddatlari hamda texnik ta’minlash xizmatlarini nazorat qiladi va istisno tariqasida, tender (tanlov) savdolarini hamda Iqdisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUKda ekspertizadan o‘tkazmasdan va davlat xaridlarini amalga oshirish to‘g‘risida maxsus axborot portaliga e’lon joylashtirmasdan ham eng yaxshi taklifni tanlab olish asosida uskunalarni xarid qilishga, shuningdek, uskunalarni o‘rnatish va ishga tushirish hamda zaruratga ko‘ra ko‘p kvartirali uylarning ichki va uskunalargacha bo‘lgan issiqlik tarmoqlari va elektr tizimini yangilash (qurish yoki rekonstruksiya qilish) ishlarini amalga oshirish uchun pudratchilarni aniqlash – tanlash imkoniga ega bo‘ladi.
Uskunalarni xarid qilish ishlari Toshkent shahar mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan moliyalashtiriladi.
Olingan issiqlik va elektr energiyasi ko‘p kvartirali uylardagi iste’molchilarga amaldagi tariflar asosida yetkazib beriladi.
O‘zA