Tajriba ommalashtiriladi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Xolimbek qishlog‘ida yashovchi Erkin Qo‘shayev o‘z tomorqasida ilk bor kartoshka urug‘chiligi amaliyotini joriy qildi. Unga Qishloq xo‘jaligi vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar ko‘magida 300 kilogramm “Toshkent ertagi” navli kartoshka urug‘i yetkazib berildi.
Ushbu urug‘liklar 10 sotix yerga ekilib, natijada 4 tonnaga yaqin yuqori hosil olindi. Bu tomorqadan qisqa muddatda yuqori hosildorlikka erishish mumkinligini yana bir bor isbotladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur navli kartoshka urug‘i iqlim o‘zgarishlariga chidamli, kasalliklarga bardoshli va serhosil bo‘lib, Qoraqalpog‘iston iqlim sharoitiga mos keladi.
Erkin Qo‘shayevning tashabbusini ommalashtirish uchun tumanda kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri