“Hududgazta’minot” AJ Boshqaruv raisining topshirig‘iga asosan gaz ta’minoti filiallari qoshidagi qurilish va montaj boshqarmalari ish samaradorligini oshirish, shart-sharoitlarni yaratish maqsadida ushbu yo‘nalish xodimlari uchun “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filialida o‘quv-amaliy seminari tashkil etildi.
– Seminardan ko‘zlangan maqsad viloyatda gaz ta’minotini yaxshilash uchun olib borilgan amaliy jarayonlar haqida ma’lumot berish, ularni joyida ko‘rib, tajribalarni o‘rganish, olib borilgan ishlar to‘g‘risida dastlab soha vakillari tomonidan taqdimotlar qilindi, – deydi gaz ta’minoti filiali direktorining birinchi o‘rinbosari – bosh muhandisi Sirojiddin Avezov. – Jumladan, rekonstruksiya jarayonlarini tizimli tashkil etish uchun nimalarga e’tibor qaratilganligi, xodimlar ish faoliyati va tajribasini yanada shakllantirish, loyihalash ishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Seminarning amaliy qismida bevosita Buxoro shahrining bir qator manzillarida, xususan, Samarqand, Xo‘ja Nurobod va Rohat ko‘chalarining gaz quvurlarida olib borilgan rekonstruksiya ishlari o‘rganildi. Ayni ushbu jarayonda xodimlarni jalb etish va ishni to‘g‘ri tashkil etish masalalari haqida tushuntirildi, tajribalar asosida fikr almashildi. Kogon tumanidagi Sarayon va Yangi hayot mahallalarining gaz quvurlarida olib borilgan jarayonlar bilan tanishgan soha vakillari bevosita ish ko‘lamini yanada kengaytirish haqidagi kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Seminar davomida takliflar aytildi, mulohazalar bildirildi, shuningdek, o‘rganilgan tajriba asosida har bir xodim o‘z faoliyatiga e’tibor berishi hamda bevosita ularni amalda qo‘llashi lozimligi haqida ta’kidlandi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.