Shu kunlarda “O‘zsuvta’minot” AJ boshqaruvi raisi v.b. Ahmad Suvonqulov xizmat safari bilan Daniyada bo‘lib turibdi.
Daniyada suv texnologiyalari va atrof-muhit bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim o‘quv dasturlari va akademik markazlar mavjud. Ulardan biri “Danish Water Academy”dir. Ushbu akademiya xalqaro talabalar va suv sohasi mutaxassislarini Daniyaning suv boshqaruvidagi ilg‘or tajribasi bilan tanishtiradi. Boshqaruv raisi ham Daniya suv akademiyasida bo‘lib, suv inshootlari faoliyati bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, suv ta’minoti va energiya tejamkorligiga qaratilgan innovatsion texnologiyalarni o‘rganish maqsadida amalga oshirilgan tashrif davomida Ahmad Suvonqulov “Grundfos” kompaniyasining yuqori samarali nasoslari, suv ta’minoti tizimlaridagi yangi yechimlar va ularning ishlash tamoyillarini ko‘zdan kechirdi.
Uchrashuvda kompaniya vakillari bilan fikr-mulohazalar almashildi. O‘rganilayotgan ushbu tajribalarni kelgusida O‘zbekistonning suv ta’minoti tizimida joriy etish rejalari muhokama qilindi.

Shuningdek, tashrif davomida Yevropaning eng yetakchi nasos ishlab chiqaruvchi ushbu kompaniyasi bilan hamkorlik bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Xususan, Toshkent shahri hamda respublikamizning 5 ta hududida energotejamkor nasoslarni joriy qilishni nazarda tutuvchi memorandum imzolandi.
Ta’kidlash joiz, “Grundfos” nasoslari yuqori samaradorlikka ega bo‘lib, jumladan, energiyani sezilarli darajada tejaydi va zamonaviy texnologiyalar yordamida hozirgi nasoslarga nisbatan 30-40 foiz kamroq elektr energiya sarflaydi.

Shuningdek, yuqori samaradorlikka ega bo‘lib, ishlash davomiyligi va mustahkamligi bilan xizmat ko‘rsatish xarajatlarini kamaytiradi. Atrof muhitga zarar yetkazmay, masofaviy boshqaruv imkoniyatiga ega.
Bu tashrif foydali bo‘lib, mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash va energiya tejamkorligi masalalarida yangi bosqichga o‘tilishiga ko‘maklashadi.

Ma’lumot o‘rnida: Daniyaning “Grundfos” kompaniyasi bilan hamkorlikda 2021-2022 yillarda Samarqand shahrining suv inshootlarida 250 ga yaqin zamonaviy energiya tejamkor nasos va ularga tutashgan qurilmalar o‘rnatilishi natijasida yiliga 27 million kilovattdan ortiq elektr energiyasi tejalishiga erishilgan.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri