Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tajriba almashish ish samaradorligini oshiradi
18:34 / 2023-03-13

Mamlakatimizda ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasiga zamonaviy innovatsion texnologiyalar, qurilishdagi yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda. Jumladan, sohani transformatsiya qilish va raqamlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratilayotir. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda esa xorij tajribasi asosida mutaxassislarning malakasini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.

“O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan mazkur yo‘nalishda bir qator xorijiy davlatlar, shu jumladan, Janubiy Koreya bilan yaqin hamkorlik qilinmoqda. Koreyaning “K-Water” Akademiyasida “O‘zbekiston suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish sohasida salohiyatni oshirish” mavzusida o‘tkazilayotgan o‘quv kurslari ham mazkur hamkorlikning amaldagi samarasidir. Unda “O‘zsuvta’minot” AJ va hududiy suv ta’minoti korxonalari xodimlari hamda tegishli oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchi-professorlari ishtirok etmoqda.

O‘quv kurslari o‘zbekistonlik mutaxassislarning sohaga oid nazariy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, Janubiy Koreyaning suv ta’minoti sohasidagi tajribasi bilan tanishtirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.  

Akademiya vitse-prezidenti Dje Chan Yun o‘zbekistonlik mehmonlarni qutlab, ushbu o‘quv dasturi kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi.  

O‘zbekistonlik mutaxassislar ushbu o‘quv dasturida ishtirok etish imkoniyati taqdim etilgani uchun koreyalik hamkasblariga minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz hududlarida ichimlik suv ta’minoti va oqova suv tizimlarining bugungi holati hamda istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazdi.

O‘quv kurslari doirasida nazariy mashg‘ulotlar bilan birga qator ichimlik va oqova suv inshootlariga tashrif buyurish ham ko‘zda tutilgan.

Nilufar Bozorova, O‘zA