Tailand Milliy kutubxonasida “O‘zbekistonda buddizmning boy merosi: Kushonlar va buddizmning O‘rta Osiyo orqali Ipak yo‘li bo‘ylab tarqalishi” nomli O‘zbekiston madaniy merosi va ziyorat turizmi salohiyatiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tailandda nishonlanadigan “Visaha Bucha kuni” xalqaro diniy bayramining 26 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda yetakchi diniy ulamolar, siyosatshunoslar, olimlar, madaniy meros doirasi va diplomatik korpus vakillari hamda O‘zbekiston tomonidan Surxondaryo viloyati xokimi o‘rinbosari J.To‘rayev rahbarligidagi delegatsiya a’zolari qatnashdi.


Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayevning xalqaro anjuman tafsilotlari to‘g‘risida O‘zAga mobil xabar berishicha, Birlashgan Millatlar Tashkiloti 1999 yil xalqaro kun sifatida e’lon qilgan “Visaha Bucha kuni” (Visakha Bucha Day) bayrami – buddaning tug‘ilishi, ma’rifati va o‘limi qayd etilgan sana sifatida xalqaro miqyosda keng nishonlanadi.


Tantanali tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari J.To‘rayev, Termiz davlat universiteti o‘zbek tarixi va manbashunoslik kafedrasi katta o‘qituvchisi, tarix fanlari nomzodi T.Annayev, Bangkok shahridagi Bosh konsul F.Sultonov va boshqalar mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, o‘tmishdan saqlanib qolgan tarixiy obidalar, milliy urf-odatlar va arxeologik yodgorliklarni asrab-avaylash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar haqida ma’lumot berdi. Buddizm bilan bog‘liq noyob yodgorliklar to‘g‘risida taqdimotlar o‘tkazdi. Jumladan, O‘zbekiston Bosh konsulxonasining Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashgan mamlakatimizning qadimdan sivilizatsiyalar chorrahasi, zardushtiylik, buddizm, iudaizm, nasroniylik va islom dinlari rivojlangan hudud sifatidagi ahamiyati, 2 ming 700 yildan ortiq davrdan buyon bu hududda insonlar o‘z diniy ta’limotlariga emin-erkin e’tiqod qilib, ahil-inoq, tinch-totuv yashab kelayotgani xususidagi taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.


Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayevning Surxondaryo viloyatiga oid yangi turizm brendi, ziyorat, tibbiy, gastronomik, sport turizmi va ekoturizm yo‘nalishlaridagi sayyohlik salohiyati, ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar, joriy yilda janubdagi viloyatda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro tadbirlar to‘g‘risidagi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Mirzajon Qalandarovning O‘zbekistonda turizm uchun IT yo‘nalishi jumladan, respublikadagi buddizm yodgorliklari haqida ma’lumot beruvchi mobil ilovaning onlayn taqdimoti ham barchaga manzur bo‘ldi.


Xalqaro ilmiy seminarda shuningdek, Madaniy meros agentligi raisi o‘rinbosari T.Qo‘ziyev anjuman qatnashchilariga videomurojaat yo‘lladi. Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “Ipak yo‘li ofisi” unitar korxonasi direktori maslahatchisi T.Mirzayev, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professorlari D. Sayfullayev va M.Qalandarovlar ham onlayn taqdimotlari bilan ishtirok etdi.
O‘zbekiston va Tailand o‘rtasida qadimdan o‘ziga xos do‘stona aloqalar o‘rnatilgan. XIX asrda Buxoro Amiri Tailand Qirolligining eng oliy “Oq fil” ordeni bilan taqdirlangan. Tailand Qirolligi Milliy muzeyi bilan Termiz arxeologiya muzeyi o‘rtasida sohada hamkorlik rishtalarini mustahkamlash, birgalikda arxeologik qazishmalar, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, topilmalarni qayta tiklash masalalarida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan. Keyingi yillarda davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yangi bosqichda mustahkamlanib bormoqda.


Xalqaro ilmiy seminarda Butunjahon Buddistlar Alyansi prezidenti janob Pornxay Palavadxammo, Tailand Qirolligi Milliy muzeyi direktori Nitaya Kanokmongkul, Tailandning eng yirik Dxammakay ibodatxonasi xalqaro munosabatlar bo‘yicha Bosh direktori Bundit Varapunyo, Surxondaryo viloyatining Tailanddagi ziyorat turizmi elchisi Pxansak Boonyasopholpxong va boshqalar ishtirok etdi.


Tadbirda davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona aloqalar, uzoq o‘tmishdan so‘zlaydigan noyob arxeologik yodgorliklar, xorijlik sayyohlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, O‘zbekiston va Tailand o‘rtasidagi madaniy-gumanitar, ilmiy va turizm sohalaridagi hamkorlik, Surxondaryo viloyatidagi buddizm yodgorliklaridan qazib olinayotgan nodir topilmalar va ularning ahamiyati haqida atroflicha fikr almashildi. Topilmalarni qayta tiklash va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, kelgusida Tailand bilan O‘zbekistondagi buddaviylik obidalari tarixini o‘rganuvchi, hamkorlikda arxeologik qazishmalar o‘tkazish, topilmalarni qayta tiklash va ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi madaniy-ilmiy markaz yoki ilmiy tadqiqot instituti tashkil etish imkoniyatlari muhokama etildi. Surxondaryo viloyatidagi buddaviylik yodgorliklarini yanada keng o‘rganish, ularni asrab-avaylab, qayta tiklash, sayyohlarga munosib sharoit yaratish uchun zamonaviy texnologiyalar va mutaxassislarni jalb etish yuzasidan Tailand tomoni bilan hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishga kelishildi.


O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi. Seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Delegatsiyaning Tailandga safari davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA