French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tailandda otishma sodir etilgan bolalar markaziga kirib olgan CNN reportyorlariga jinoiy ish ochildi
15:00 / 2022-10-10

Tailandning Nongbualampxu provinsiyasida Utxaysavan tumani ma’muriyati o‘tgan payshanba kuni sobiq politsiya serjanti Panya Kxamrap 38 kishini, shu jumladan, 24 nafar bolani otib o‘ldirgan bolalar markazi binosiga noqonuniy kirib olgan CNN telekanalining ikki nafar reportyori ustidan mahalliy politsiyaga ariza topshirdi.

Jurnalistlar jinoyat sodir etilgan joyga ruxsatsiz kirib olgan, deyiladi Bangkok Post gazetasining internet-versiyasi mahalliy politsiyaga tayanib tarqatgan xabarida. 

Tailand jinoyat kodeksi bo‘yicha CNN xodimlariga tergov ishi ochildi, deyiladi xabarda.
  
Tergov ishini uyushtirgan tuman kengashi raisining jurnalistlarga ma’lum qilishicha, reportyorlar davlatga qarashli ob’ektga xufiyona kirib olib mamlakatga hurmatsizlik qildi. 
 
Yakshanba kuni ertalab Tailand jurnalistlar assotsiatsiyasi va Tailandda ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy muxbirlar klubi ham CNN reportyorlari harakatini qoralab chiqdi. 

Keyinchalik Tailand imigratsiya politsiyasi CNN reportyorlari vizasini ham bekor qildi. Chunki ular mamlakatga sayyohlik vizasi bilan kirib kelgan va reportajni e’lon qilib Tailandda ishlash tartibini buzgan. Chunki sayyohlik vizasi ishlash huquqini bermaydigan vizalar toifasiga kiradi. 

Xabarda aytilishicha, CNN jurnalistlari ushbu hatti-harakatlari uchun bir yilgacha qamalishi yoki pul jarimasiga tortilishi mumkin. Qolaversa, viza tartibini buzgan xorijliklar mamlakatdan deportatsiya qilinadi.