Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tailandda maktab avtobusidagi yong‘in oqibatida 20 nafar bola halok bo‘ldi
15:19 / 2024-10-02

Bangkok yaqinida maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus halokatga uchrab, yonib ketganidan keyin 20 nafar bola va uch nafar o‘qituvchining jasadi topildi.

Voqea joyidan olingan video tasvirlarda yonayotgan avtobus va osmonga ulkan qora tutun bulutlari ko‘tarilayotgani aks etgan. Shuningdek, baxtsiz hodisadan ko‘p o‘tmay olingan kadrlarda haydovchi yong‘inni o‘chirishga urinayotgani, so‘ng u voqea joyidan qochib ketgani ko‘rsatilgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, avtobus avtomagistralni ajratib turgan beton to‘siqqa borib urilib, oldingi g‘ildiraklari yorilib ketgan va natijada alanga yuzaga kelgan. Afsuski, bortdagi ko‘pchilik tashqariga chiqa olmagan. 

Mamlakat transport vaziri Suriyahe Juangrongruangkitning aytishicha, avtobus “o‘ta xavfli” siqilgan tabiiy gaz bilan harakatlangan. 

– Bu juda fojiali voqea, -dedi Suriyahe voqea joyida jurnalistlarga. – Vazirlik chora ko‘rishi kerak. Iloji bo‘lsa, yo‘lovchi transport vositalariga bunday yoqilg‘idan foydalanishni taqiqlash kerak, chunki bu juda xavfli.

Qidiruv ishlarini olib borayotgan Piyalak Thinkayevning aytishicha, jasadlar juda qattiq kuyganligi sababli ularning shaxsini aniqlash qiyin. 

– Biz topgan ba’zi jasadlar juda kichik edi, -dedi u voqea joyida mahalliy muxbirlarga va yong‘in avtobusning old qismidan boshlanganini qo‘shimcha qildi.

Sud-tibbiyot ekspertizasining ma’lum qilishicha, topilgan 23 jasaddan 11 nafari erkak, 7 nafari ayol va yana besh nafari noma’lum.

Tailand Bosh vazir o‘rinbosari Anutin Charnvirakulning aytishicha, ayni payt tergov davom etmoqda. 

– Biz videokuzatuv kamerasi tasvirlari orqali voqeani chuqur o‘rganyapmiz, -dedi u.

Tailandda sifatsiz va xavfli yo‘llar behisob bo‘lib, har yili transportda baxtsiz hodisa tufayli 20 mingga yaqin o‘lim sodir bo‘ladi.

O‘.Alimov, O‘zA