O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti delegatsiyasi Tailandga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari Bangkok shahridagi Chulalongkorn universitetida O‘zbekiston tarixi va milliy madaniyatimizga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirini tashkil etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsuli, BMTning Osiyo va Tinch okeani Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining doimiy vakili Faxriddin Sultonov hamda institut prorektori Shohbek Ergashev so‘zga chiqdi.
[gallery-21588]
Tadbirda ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy-ma’rifiy merosi haqida hikoya qiluvchi taqdimotlar, milliy hunarmandchilik va qandolat mahsulotlari namunalari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Shuningdek, institut professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari tomonidan milliy kuy-qo‘shiq va raqslar hamda mumtoz g‘azallardan iborat teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi.
Vakillarimiz yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, buning natijasida yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlar, O‘zbekistonning turizm salohiyati, tarixiy obidalari haqida ham ma’lumot berib o‘tishdi.
Quvonarli tomoni, tadbir ishtirokchilarining aksariyati yurtimiz hamda o‘zbek san’ati va madaniyati to‘g‘risida, ayniqsa, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida yetarli ma’lumotga ega ekanliklarini hamda bu o‘zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatib borayotganliklarini ta’kidlab o‘tishdi.
O‘zA