Keyingi yillarda mamlakatimiz ipakchilik sanoati tobora rivojlanib bormoqda. Xorijiy mamlakatlar bilan bu borada hamkorlik qilishga alohida e’tibor qaratilib, mutaxassislar tashrifi amalga oshirilmoqda.
Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga Tailand qirolichasi Ipakchilik departamenti vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Tashrif davomida mehmonlar “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyati bilan tanishdi. O‘zbek ipakchiligidagi yangiliklar, keyingi rejalar, hamkorlik masalalari xususida o‘zaro fikr almashdi.
Uchrashuvda Tailand qirolichasining ipakchilik departamenti rasmiy vakili Tanyaluk Prommani mamlakatimiz ipakchilik salohiyatini o‘rganish va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligini qayd etdi.
Tanyaluk Prommani – Tailand Qirollik oilasi bilan yaqin munosabatga ega, Tailand Qirolining qizi, malika Sirivannavarining do‘sti va maslahatchisi hisoblanadi.
Shuningdek, u xalqaro maydonda o‘tkaziladigan tadbirlarda Tailand ipagini taqdim etishda Qirollik oilasi nomidan Tailand vakili sifatida ishtirok etib keladi.
Mehmonga yurtimiz ipakchilik sektorida olib borilayotgan ishlar, ipakchilik korxonalariga berilgan imtiyoz va preferensiyalar xususida ma’lumot berildi. O‘z o‘rnida Tanyaluk Prommani Tailand ipakchiligining vujudga kelishi, bugungi kundagi faoliyati hamda o‘zbek ipakchiligi va Tayland ipakchiligining o‘xshash jihatlari haqida gapirdi.
–Men yoshligimdan Buyuk ipak yo‘li haqida ko‘p eshitganman va aynan O‘zbekistonga kelishni orzu qilganman, –dedi Tanyaluk Prommani. – Bu yerga kelishdan oldin yurtingiz tarixini o‘rgandim. Kelib ko‘rib shunga amin bo‘ldimki, sizlarda qadimiy an’analar, milliy udumlar hamda hunarmandchilik faoliyati yuqori darajada saqlanib qolingan. Kuzatishlarimdan ko‘rdimki, O‘zbekiston va Tailandning o‘xshash taraflari juda ko‘p, ayniqsa pillachilik faoliyati tomonidan. Sababi bizda ham ipakning qadri baland, pilla yetishtirishga talab katta. Bu ham meni hursand qildi. Shuningdek, o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi e’tiborga molik.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/pcA_4tvoMMA" title="Tailand ipakchilik departamenti vakili: O‘zbekiston va Tailandning ipakchilik sohasida o‘xshash taraflar.." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Uchrashuv yakunida ipakchilik sohasida Tailand investorlarini jalb qilish, o‘zaro hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Gulnoza Boboyeva, Abror Sodiqov (video), O‘zA