Joriy yilning 8 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi davlat siyosatining eng muhim ustuvorliklaridan biri sifatida belgilandi.
Yig‘ilishda ta’lim va mehnat bozori o‘rtasida samarali hamkorlik mexanizmlarini joriy etish, oliygohlardagi o‘quv dasturlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, bitiruvchilarni ishga tayyorlashga qaratilgan yangi yondashuvlar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Ushbu vazifalar ijrosi yo‘lida Jizzax davlat pedagogika universiteti ta’lim jarayonini ishlab chiqarish ehtiyojlariga integratsiya qilish, talabalarni real ish joylari bilan bog‘lash orqali natijaviy modelni shakllantirmoqda. Oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida pedagogika yo‘nalishidagi talabalar uchun joriy etilgan “4+2” tizimi yuqori samara bermoqda.

Bu tizimga ko‘ra, talabalar haftaning to‘rt kuni universitetda nazariy ta’lim olsa, ikki kuni ta’lim tashkilotlarida amaliy mashg‘ulot o‘taydi.
Bunday yondashuv natijasida talabalar diplomni qo‘lga kiritgan paytdayoq ikki muhim ustunlikka ega bo‘ladi: nazariy bilim va ilmiy asoslangan metodik tayyorgarlik hamda mehnat bozorida raqobatbardoshlikni ta’minlovchi amaliy tajriba. Ayniqsa, pedagog kadrlar tayyorlashda ushbu tizim o‘qituvchi nomzodlarning pedagogik muhitga moslashuvini tezlashtirib, ta’lim sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Agar amaliyot davomida talaba o‘zini salohiyatli mutaxassis sifatida namoyon etsa, unin go‘sha tashkilotda ishda qolish imkoniyati yuqori bo‘ladi.

Jizzax davlat pedagogika universiteti “4+2” tizimini keng qamrovda joriy etgan oliygohlardan biri sifatida ilg‘or tajribaga ega. 2024–2025 o‘quv yilida 7089nafar talaba ushbu tizimda malakaviy amaliyot o‘tamoqda, 830 dan ziyod ta’lim tashkiloti amaliyot bazasi sifatida jalb etilgan.
Jizzax shahridagi 30-sonli umumta’lim maktabi tayanch muassasa sifatida ish yuritib, 100 ga yaqin iqtidorli talabaning kasbiy rivojlanishida muhim o‘rin tutmoqda. Umuman, viloyat miqyosida 8 ming nafardan ortiq talaba umumta’lim maktablariga biriktirilgan bo‘lib, ularning har biri kelgusidagi ish joyi bilan aloqalarini shu bosqichdayoq yo‘lga qo‘ymoqda. Bu jarayonlarni boshqarish va monitoring qilish “main.jdpu.uz” elektron platformasi orqali amalga oshirilmoqda. U orqali talabalarning qatnashuvi, vazifalarni bajarish holati va muassasa fikrlari real vaqtda kuzatib boriladi.

Yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan yana bir muhim tashabbus — “Kelajakka qadam” dasturi ham universitet faoliyatida alohida o‘rin tutadi. Ushbu markaz orqali bitiruvchilar ishga joylashish, tadbirkorlik g‘oyalarini amalga oshirish va moliyaviy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Hozirgacha 214 nafar bitiruvchi tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan bo‘lib, ulardan 104 nafari 1 milliard 80 million so‘mlik imtiyozli kreditga ega bo‘lgan. Bu yoshlarning mustaqil mehnat faoliyatiga qadam qo‘yishini yengillashtirmoqda.
Prezident raisligidagi yig‘ilishda ta’lim muassasalariga mehnat bozoriga mos modullar joriy etish vazifasi belgilandi. “4+2” amaliyoti aynan shu talablarni amaliy shaklda ro‘yobga chiqarmoqda. Ushbu tizim talabaning akademik davridayoq ish tajribasi orttirishini va kelgusida ishga joylashish imkoniyatini sezilarli darajada oshirishini ta’minlamoqda.
Ta’lim tashkilotlari asosiy ish beruvchi sifatida universitetlar bilan hamkorlikni mustahkamlashi zarur. Maktab direktorlari 2-kursdanoq iqtidorli talabalarni saralab, ularga ustoz tayinlab, kelgusidagi ish o‘rniga tayyorlash jarayonini boshlashi maqsadga muvofiq. Bunda moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish hamda ustozlik tizimi samarali natija beradi.
Shuningdek, oliy ta’lim va mehnat sohasi muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirish, davlat grantlari va ish takliflarini bitiruvchilarga tezkor yetkazish mexanizmlarini yaratish ham dolzarb masalalardan sanaladi. Yosh mutaxassisning bandligiga erishishida moddiy va ma’naviy rag‘bat muhim ahamiyatga ega. Ular uchun qo‘shimcha ustamalar, uy-joy masalasida yengilliklar hamda rezyume tayyorlash va ishga joylashish bo‘yicha maxsus mashg‘ulotlar tashkil etilishi talab etiladi. Oliy ta’lim muassasalarida haftasiga bir necha marta rezyume yozish, suhbatga tayyorgarlik va ish beruvchi talablarini o‘rganish kabi mashg‘ulotlar tashkil etish maqsadga muvofiq. Bu talabalarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi.
Jizzax davlat pedagogika universiteti tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, nazariya va amaliyot uyg‘unligiga asoslangan “4+2” tizimi yoshlar bandligini ta’minlashda samarali mexanizm hisoblanadi. Bu tizim bitiruvchilarning ish topish imkoniyatlarini kengaytirib, ta’lim sifatini ham oshirayotganini ta’kidlash joiz.
Kelajakda har bir o‘qituvchi diplomni faqat nazariy bilim emas, balki aniq ish tajribasi va ish joyi bilan qo‘lga kiritishi mamlakatning inson kapitali rivojiga berilgan eng muhim sarmoyadir. Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy o‘sish, ijtimoiy barqarorlik va sifatli ta’lim tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.
Shavkat Sharipov,
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor
O‘zA