Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tahririyat va muassis hamkorligining Beshariq tajribasi (+video)
17:09 / 2025-04-14

Beshariq tumanining hokimi Rasuljon Jo‘rayev O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda Farg‘ona viloyat hokimligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Ho‘sh, hokim qanday xizmatlar qildiki, ularni bu qadar e’zozlashmoqda?

Kelasi 2026 yilda Beshariq tumani tashkil topganiga yuz yil to‘ladi. Hozir tumanda 247 ming aholi istiqomat qilmoqda. Tuman viloyat markazidan 130 km uzoqlikda joylashgan –Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh.

Beshariqda so‘nggi yillarda barcha sohalarda o‘sish ro‘y berdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2020 yildagi 622,6 mlrd so‘mlikdan 2024 yilda 1 trillion 442 milliard so‘mlikka yoki 229 foizga ortdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi esa 2020 yildagi 1 trillion 414 mlrd so‘mlikdan 2024 yilda 2 trillion 917 mlrd so‘mlikka yoki 201 foizga o‘sdi.

Beshariqda ishlab chiqarilayotgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari dunyoning 22 ta mamlakatiga eksport qilinmoqda.

Mahsulot hajmi va sifati jihatidan mamlakatda yetakchi bo‘lgan sement ishlab chiqaruvchi “Yasin qurilish mollari” O‘zbekiston – Xitoy korxonasi ham Beshariqda joylashgan. U 2024 yilning o‘zida 1,1 mln tonna yuqori sifatli sement yetkazib berdi. Korxonada 200 mln.dollardan ziyod xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, 600 ta yangi ishchi o‘rni yaratildi. Korxona o‘tgan yili 645 mlrd so‘mlik tovar aylanmasiga erishdi.

O‘zbekiston parrandachiligi bayroqdorlaridan biri – “Vodiy naslli parranda” fermer xo‘jaligi ham Beshariqda. Bu yerda 500 ming bosh tovuq boqilyapti.

2024 yilda u xalq dasturxoniga 58,4 million dona yuqori sifatli tuxum va 100 tonnadan ortiq parhez go‘shti yetkazib berdi. Sexlariga Yevropaning eng ilg‘or parranda boqish va tuxum olish texnologiyasi keltirilib o‘rnatilgan. 6 qavatli tovuqxonani aslida bir necha yuqori malakali mutaxassis – operatorlar boshqaradi.

Tumanda kichik va o‘rta biznes sub’ektlari ham rivojlangan. Sherzodjon Erkaboyev boshchiligidagi “SHERWOOD DIZAN” MCHJ mebelsozlik, metallurgiya va temirchilik, qurilish va ta’lim tizimlari hamda tikuvchilik sohasidagi korxonalarda jami 650 dan ziyod yoshlar, ayollar ishlamoqda. Ular tomonidan o‘tgan yili 7 mlrd.so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi.

Yoki “TRUST AGRO” mevani qayta ishlash oilaviy korxonasini olaylik. Jami 10 mlrd so‘m bank krediti va o‘z mablag‘iga loyiha amalga oshirildi va 50 ta doimiy, 200 ta kasanachi hamda mavsumiy ish o‘rni yaratildi. Mahsulot yuz foiz chet elga eksport qilinadi. E’tibor qiling, Beshariqdagi birgina shu oilaviy korxona 2024 yilda 3 mln.dollarlik mahsulot eksport qildi.

Yoki Beshariq tibbiy turizmi avj olib rivojlanmoqda. Tumanda 37 ta ixtisoslashgan tibbiy davolash klinikalari mavjud. Ular zamonaviy tibbiy jihozlar hamda yuqori malakali shifokorlarga egaligi uchun ham vodiy hamda ko‘shni Tojikiston va Qirg‘izistondan ham kelib davolanayotgan bemorlarga xizmat ko‘rsatmoqda.  

Xullas, bunday muvaffaqiyatli loyihalarni sanab adog‘iga yetish qiyin. Biz tumanda paxtani qayta ishlash korxonasidan tashqari ikkita don kombinatlari borligi, ming gektar maydonda quyosh panellari o‘rnatib muqobil energiya olish, Tojikiston bilan chegarada erkin xalqaro bozor qurilayotgani, ming gektarli Sarikamish ko‘li atrofida 15 mlrd.so‘m mablag‘ evaziga ekoturizm tarmog‘i barpo etilayotgani haqidagi tafsilotlarga to‘xtalmadik.

– Beshariq tumanida tadbirkorlik ham, qishloq xo‘jaligi ham shunday darajaga yetibdiki, biz Namangan viloyati jurnalistlari ular haqida ocherk yozishga qaror qildik, – deydi “Namangan haqiqati” gazetasi bosh muharriri Akramjon Sattorov.

Yo‘q, Farg‘ona viloyat hokimi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Beshariq tumani hokimini fahriy yorliqlar bilan yuqoridagi yutuqlari uchun taqdirlamadi.

Har ikki faxriy yorliqda ham “Hokimlik muassisligidagi gazeta faoliyatini namunali yo‘lga qo‘ygani, muassislik majburiyatlarini to‘liq ado etayotgani, “Beshariq tongi” gazetasi xodimlari va tumandagi jurnalistlarni doimo qo‘llab quvvatlayotgani uchun” degan yozuvlar bor. Gap shundaki, Beshariq tumani hokimligi muassisligidagi “Beshariq tongi” gazetasi so‘nggi bir necha yillardan buyon 5-7 ming nusxada chop etiladi. Uning sahifalaridagi tahliliy maqolalarni kutib o‘qiydigan o‘z muxlislari shakllangan. “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Sobirjon Temirov boshchiligidagi  ahil ijodiy jamoa muassis – tuman hokimligi hamkorligida faoliyat ko‘rsatadi. Gazetada chop etilgan har bir tanqidiy maqola “hokimlik soati”da muhokama qilinadi va tegishli choralar ko‘riladi. Yana bir jihat shundaki, muassis bilan kelishilgan holda obunani tahririyatning o‘zi tashkil etadi va o‘quvchiga gazetani o‘z transport vositasida u chop etilgan kuniyoq yetkazib beradi. Buning uchun haydovchi – tarqatuvchi ish o‘rni ochilgan. O‘tgan 2024 yilda esa tahririyat obunadan, ya’ni o‘zi ishlab topgan sof foyda hisobidan eski bino o‘rnida yangi binoni qurib ishga tushirdi.

– Gazetachilikning nufuzi pasaygan, tuman gazetalari yopilib ketayotgan bir paytda “Beshariq tongi” gazetasining bugungi faoliyati barcha bosma nashrlarga ibrat bo‘la oladi, – deydi “Yangi O‘zbekiston” gazetasining Farg‘ona viloyatidagi muxbiri Rasuljon Kamolov. – Gazeta o‘zi ishlab topgan daromad hisobidan o‘zi uchun yangi bino qurgan, moddiy- texnik bazasini mustahkamlagan. Albatta, bundan ibrat olish kerak.

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari bosma nashrlari muharrirlari uchun “Beshariq tongi” gazeta tahririyatiga uyushtirgan mediaturda hamkasblar o‘zaro tajriba almashdilar.

– O‘zi kichik tahririyat, lekin shinam, hatto muhtasham desa ham bo‘ladigan yangi binoga ega bo‘libdi tuman gazetasi. Bu tuman hokimligi, Beshariq xalqining matbuotga munosabatini ko‘rsatib turibdi, – deydi Akramjon Sattorov. – “Beshariq tongi” gazetasi tajribasidan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p ekan.

Shundan so‘ng tahririyat hududida “Jurnalistlar bog‘i”ga asos solindi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va vodiy viloyatlari yetakchi bosma nashrlari vakillari bu yerda daraxt ko‘chatlarini ekdilar.

Davra suhbati, qizg‘in savol-javoblar muassis – tuman hokimligida davom etdi. Beshariq tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayevga O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Farg‘ona viloyati hokimligining faxriy yorliqlari tantanali ravishda topshirildi. Bunday e’tirof, avvalo, muassisning “Beshariq tongi” gazetasi tahririyatini har jihatdan va uzluksiz qo‘llab-quvvatlab, so‘z, matbuot erkinligi talablariga og‘ishmay rioya etib kelayotgani uchun edi.  

– Zamon talablaridan kelib chiqib, gazetaning elektron shaklini ishga tushiramiz. Hokimlik axborot xizmatidagi media guruhni tahririyat bilan birlashtirib, videokontentlarni ko‘paytirishga urg‘u beramiz, – deydi tuman hokimi.

Birgina Farg‘ona viloyatida Uchko‘prik, Bag‘dod, Oltiariq kabi tumanlar va Qo‘qon shahar hokimligi muassisligidagi gazetalar chiqmay qolgan bir paytda Beshariq tajribasidan foydalanish joiz emasmi?

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Re0XcglbfOc" title="Tahririyat va muassis hamkorligining Beshariq tajribasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (surat,video), O‘zA muxbirlari