Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tahliliy markazlar – zamonaviy diplomatiyaning ajralmas va intellektual poydevori
12:07 / 2025-08-01

Bugungi murakkab va ko‘p qutbli xalqaro munosabatlar sharoitida transmilliy diplomatiyaning ahamiyati ortib borishi bilan birga, uni amalga oshiruvchi sub’ektlar doirasi ham kengaymoqda. Rasmiy davlat organlari bilan bir qatorda, notijorat tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, akademik doiralar va tahliliy markazlar xalqaro muloqot va siyosiy jarayonlarning ajralmas ishtirokchisi sifatida shakllanmoqda. Ular siyosiy-iqtisodiy tahlil, strategik bashorat, fikr yetakchiligi va ekspertlar o‘rtasidagi muloqotlar orqali davlat manfaatlarini ilgari surish, tashqi siyosatni shakllantirish va xalqaro jamoatchilikda ijobiy imijni mustahkamlashda muhim o‘rin egallamoqda.

Tahliliy markazlar faoliyatining shakli va institutsional tuzilishi turli mamlakatlardagi huquqiy muhitga qarab farq qiladi. Ayrimlari to‘liq mustaqil nodavlat tashkilotlar bo‘lib, boshqalari oliy ta’lim muassasalariga bog‘liq yoki davlat organlari bilan hamkorlikda ishlaydi. Bu xilma-xillik ularning mustaqilligi, qaror qabul qilish jarayonlariga kirish imkoniyati va jamiyatdagi obro‘siga ta’sir ko‘rsatadi. 

AQSHdagi Brookings Institution va Carnegie Endowment for International Peace, Yevropadagi Chatham House va German Marshall Fund kabi nufuzli markazlar tashqi siyosat shakllanishida va mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida sezilarli o‘rin tutadi.

Tahliliy markazlar, ayniqsa, “ikkinchi trek” diplomatiyasida, ya’ni davlat idoralari ishtirokisiz amalga oshiriladigan norasmiy muzokaralar va muloqotlarda muhim rol o‘ynaydi. Ular xalqaro anjumanlar, ekspertlar uchrashuvlari, tahliliy nashrlar va fikr almashinuvlari orqali ishonch muhitini shakllantiradi, ziddiyatli sharoitlarda diplomatik muzokaralarga zamin yaratadi. Ayniqsa, rasmiy diplomatiya cheklangan yoki siyosiy sezgirlik talab qilgan vaziyatlarda ular tinchlik o‘rnatish va hamkorlikni rivojlantirishda vositachi vazifasini bajaradi.

Bundan tashqari, tahliliy markazlar “yumshoq kuch” (soft power) siyosatining muhim vositasiga aylanib bormoqda. Joziba va ishontirishga asoslangan “yumshoq kuch” vositasida davlatlar o‘z qiymat va manfaatlarini xalqaro miqyosda targ‘ib etadi, ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi. Tahliliy markazlar ushbu jarayonda jamoatchilik bilan muloqot, dalillarga asoslangan tahlil, xalqaro forumlarda qatnashish va fikr yetakchiligi orqali faol ishtirok etadi. 

“Yumshoq kuch” konsepsiyasining asoschisi sifatida tan olingan amerikalik siyosatshunos Jozef Nay tahliliy markazlarni global ta’sir vositasi sifatida alohida e’tirof etib, “Yumshoq kuch”, bu – boshqalarni o‘z xohishingizga ko‘ndira olish qobiliyati. Bu jarayonda tahliliy markazlar muhim vositachidir”, deya ta’kidlaydi. Pensilvaniya universiteti professori Jeyms MakGan esa tahliliy markazlarni “davlat va jamiyat o‘rtasidagi intellektual ko‘prik” deb atab, ularning siyosiy qaror qabul qilishdagi o‘rniga e’tibor qaratadi.

Oksford universiteti professori Dayan Stoun esa tahliliy markazlarni “global siyosatda siyosat transferi va ilg‘or g‘oyalar almashinuvining strategik sub’ektlari” sifatida tavsiflaydi. Ushbu fikrlar tahliliy markazlarning transmilliy diplomatiyadagi intellektual poydevor sifatidagi rolini yanada oydinlashtiradi.

Aslida tahliliy markazlar tashqi siyosat sohasida bir qator muhim vazifalarni amalga oshiradi. Ular qaror qabul qiluvchi doiralarni strategik tahlil va tavsiyalar bilan ta’minlaydi, xalqaro forumlar va ilmiy muloqotlar orqali davlatlar o‘rtasida ishonch muhitini shakllantiradi, axborot makonida milliy manfaatlarni ilgari suradi. Diplomatlar uchun malaka oshirish dasturlarini tashkil etadi va “ikkinchi trek” diplomatiyasi orqali rasmiy muzokaralarni to‘ldiruvchi samarali muloqot platformalari sifatida xizmat qiladi.

O‘zbekistonda ham tahliliy markazlar tashqi siyosatni amalga oshirishda tobora muhim va ta’sirli ishtirokchiga aylanmoqda. 2017 yildan buyon Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan ochiq va ko‘p vektorli diplomatiya strategiyasi doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi kabi tahliliy tuzilmalar mamlakatning xalqaro siyosiy pozitsiyasini ilmiy va tahlillar asosida mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ular Samarqanddagi “SHHT kelajagi” forumi, YeI – Markaziy Osiyo muloqotlari, Xitoy, Koreya Respublikasi va G‘arbiy Osiyo davlatlari bilan strategik hamkorlik platformalarida faol ishtirok etmoqda.

Xususan, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi so‘nggi uch yilda 180 dan ortiq xalqaro va xorijiy tashkilot bilan hamkorlik o‘rnatib, 80 dan ziyod anglashuv memorandumlarini imzoladi. 2022–2024 yillar mobaynida 446 ta xalqaro tadbirni amalga oshirdi. Markazning Germaniyadagi Konrad Adenauer Stiftung va Friedrich Ebert Stiftung kabi xalqaro hamkorlari yoki Italiya, Belgiya va Xitoy kabi davlatlardagi bir qator hamkorlari bilan olib borgan ilmiy va siyosiy tadbirlari O‘zbekistonning “yumshoq kuch” salohiyatini oshirish va intellektual nufuzini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Xulosa qilib aytganda, tahliliy markazlar zamonaviy diplomatiyaning ajralmas va intellektual poydevoriga aylanmoqda. Ular faqat maslahatchi tuzilmalar emas, balki tashqi siyosatni amalga oshirishda strategik sherik, ta’sirli agent va davlat – jamiyat – jahon hamjamiyati o‘rtasidagi intellektual ko‘prik vazifasini bajaradi. “Ikkinchi trek” diplomatiyasi, “yumshoq kuch” siyosati, maqsadli tahlil, xalqaro axborot makonidagi raqobat va qaror qabul qilish jarayonidagi ekspertlik ishtiroklari ularning faoliyati mazmun-mohiyatini belgilab beradi.

O‘zbekiston uchun tahliliy markazlarning huquqiy maqomini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini oshirish, xalqaro hamkorlik tarmoqlariga kengroq integratsiyalash va ularni tashqi siyosatning institutsional ustuni sifatida rivojlantirish kelgusida mamlakatning intellektual nufuzi va diplomatik manevr qobiliyatini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Tahliliy markazlar davlatlar o‘rtasidagi muloqotni chuqurlashtirish, g‘oyalar almashinuvini rag‘batlantirish va transmilliy hamkorlikni mustahkamlashda yanada muhim geosiyosiy resursga aylanishi shubhasiz.

Eldor TULYAKOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori.

O‘zA