Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Tahlil: o‘tgan ikki yilda uy-joy narxlari o‘sishi sekinlashdi
13:56 / 2025-03-17

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2024 yil uchun uy-joy bozori sharhini e’lon qildi.

2022−2024 yillarda uy-joy narxlari o‘zgarishining tahlili o‘tgan 2 yilda narxlar o‘sishi sekinlashayotganini ko‘rsatgan.

Misol uchun, 2022 yilda nominal uy-joy narxlari respublika bo‘yicha o‘rtacha 23,6 foizga (dollar hisobida) o‘sgan bo‘lsa, 2024 yilda narxlar o‘sishi 6,2 foizni tashkil etgan.

Xuddi shunday trend real narxlar o‘sishida ham kuzatilgan. 2022 yilda real narx o‘sishi 14,6 foizni tashkil etgan. 2023 yilda esa ko‘rsatkich 18,5 foizgacha ko‘tarilgan. Lekin 2024 yilga kelib real narxlar o‘sishi asosan nominal narx o‘sishidagi pasayish natijasida keskin tushib, 1 foizni tashkil etgan.

O‘tgan yil oxiriga kelibgina uy-joy narxlari o‘sishi sekinlashishdan to‘xtab, narxlar biroz barqarorlashdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yillik hisobda ipoteka kreditlari o‘sish sur’atining 1 foiz bandga ortishi, uy-joylar (kvartiralar) real narxlari o‘sishi sur’atini 0,37 foiz bandga oshiradi.

Umuman olganda, 2022 yil yanvaridan 2024 yil dekabrigacha nominal hisobda respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda narxlarning jami o‘sishi 47 foizni tashkil etgan. Hududlar kesimida narxlarning eng yuqori o‘sishi Toshkent viloyati (67 foiz), Buxoro viloyati (65 foiz), Farg‘ona viloyati (54 foiz), Xorazm viloyatida (52 foiz) kuzatilgan.

Shuningdek, 2022 yil yanvardan 2024 yil dekabrgacha Toshkent shahrida 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha ijara narxi 1,2 foizga o‘sgan. Ijara narxi o‘sishi asosan 2022 yilda kuzatilib (25 foiz), 2023 yildan boshlab ijara narxi pasaya boshlagan. Xususan, yillik hisobda ijara narxi o‘sishi 2023 yil yanvaridan pasayishni boshlab, 2023 yil oktyabridan 2024 yil dekabrigacha ijara narxi tushgan.  

O‘tgan yil yakuniga ko‘ra, ijara narxi o‘rtacha 8,2 dollarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 11,5 foizga pasaygan.

Sh.Mamaturopova,

O‘zA