O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati Buxoro viloyati tashkiloti tashabbusi bilan “Tahlikali dunyo halokatlaridan o‘zingni asra” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi. Unda viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutaxassislari va shifokorlar, patronaj xizmati xodimlari, jurnalistlar qatnashdi.
Tashkilotning insonparvarlik tamoyillariga asoslangan faoliyati bilan chuqurroq tanishtirildi. Aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlariga tibbiy ijtimoiy yordam ko‘rsatishda davlat va jamoat organlariga yaqindan yordam berib kelayotgani ta’kidlandi.
— Tashkilotning asosiy maqsadi aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlarni insonparvarlik va ezgulik ruhida tarbiyalashdan iborat, – deydi O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati viloyat tashkiloti raisi Shahodat Ixtiyorova. –Shuningdek, aholiga favqulodda vaziyatlar yuz berganda to‘g‘ri harakatlanishni o‘rgatish va birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmalarini berishdir.
O‘quv-seminar amaliy mashg‘ulotlar orqali qiziqarli bahs- munozaralarga boy o‘tdi. Insoniylik va xolislikni o‘zlariga shior qilib olgan bu jamiyat faoliyatining asosiy prinsiplari, ular tomonidan amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar, galdagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Seminar davomida Qizil Yarim Oy jamiyati faoliyati, Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy harakati, timsollari, insonparvarlik yordamlari haqida taqdimotlar hamda videoroliklar yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA