Xabar berganimizdek, Italiya poytaxti Rim shahrida taekvondo WT bo‘yicha mavsumning dastlabki Gran-pri turnirida 8 nafar sportchi bilan qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta bronza medali bilan kifoyalangan edi.
Ushbu natija O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi mutasaddilarini qanoatlantirmadi. Shu munosabat bilan Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov murabbiylar shtabi bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda terma jamoa bosh murabbiyi Pavel Xan boshchiligidagi mutaxassislarning so‘nggi davrdagi faoliyati keskin tanqid qilindi. Ayniqsa, Rim Gran-prisida jamoamizning ishtiroki, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va har bir sportchining harakati, murabbiylarning texnik-taktik faoliyati muhokama qilindi.
MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov o‘tgan musobaqada jamoamiz qayd etgan natija umuman qoniqarsiz bo‘lganligini, bundan buyon musobaqalarga boshqacha yondashuv bilan tayyorlanish lozimligini, zarur bo‘lganda murabbiylar shtabini yangilash, tarkibga hududlardagi intiluvchan trenerlarni jalb qilish kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, har bir vazn toifasida zaxira sportchilarining bugungi holati, ko‘rsatayotgan natijalari tahlil qilindi.
Shu kunlarda yurtimiz taekvondochilari 24-27 iyun kunlari Koreya Respublikasida o‘tadigan Osiyo chempionatiga hozirlik ko‘rmoqda. Avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida bo‘ladigan Islom birdamlik o‘yinlari, qator halqaro turnirlar Parij-2024 o‘yinlariga tayyorgarlikning muhim bosqichi hisoblanadi.
Shu jihatlarni inobatga olgan holda terma jamoa a’zolari musobaqalarda qatnashishning har bir nuqtasiga e’tibor qaratishi muhim ekanligi bildirib o‘tildi.
Terma jamoa murabbiylari, mutaxassislar bildirilgan ishonchga hamda davlatimiz tomonidan yaratib berilgan shart-sharoitlarga, e’tiborga munosib bo‘lishi uchun o‘z xatti-harakatlarini tanqidiy ko‘rib chiqishi tavsiya etildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA