O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi ilk marotaba besh nafar sportchi bilan Olimpiya o‘yinlarida qatnashadi.
Butunjahon taekvondo federatsiyasi (WT) “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun yo‘llanmalar taqsimotini qayta shakllantirdi.
Ushbu taqsimotga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Nikita Rafalovich +80 kilogramm vazn toifasida 2023 yil yakunida e’lon qilingan Olimpiada reytingida oltinchi o‘rinda qayd etilgan edi. Ayni holat o‘z-o‘zidan Rafalovichni Xalqaro taekvondo federatsiyasi (WT) e’tirofi tufayli muvaffaqiyatli sportchilar qatorida “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari safidan joy olishiga olib keldi.
Boshqacha aytganda, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasining o‘tgan yillar davomida olib borgan xalqaro hamkorlik faoliyati ushbu yo‘llanmani qo‘lga kiritishga muhim omil bo‘ldi, deyish mumkin.
Bu, taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Fransiya poytaxtida o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘z tarixida ilk bor 3 nafar erkak va 2 nafar ayol sportchi bilan qatnashish huquqiga ega bo‘lishini ta’minladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA