Taekvondochilarimizning Fransiyadagi muvaffaqiyati
Fransiyada taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda terma jamoamiz a’zolari 2 oltin, 1 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Fransiyada taekvondo (WTF) bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda terma jamoamiz a’zolari 2 oltin, 1 kumush va 2 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi 2016-yilgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik dasturiga muvofiq sportchilarning zamonaviy talablar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, iste’dodli va mohir yoshlarni saralash, nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etish orqali ularning ko‘nikma va malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Parij shahri mezbonlik qilgan xalqaro turnir ham terma jamoa a’zolari uchun Olimpiadaga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lib xizmat qildi.
Musobaqada vazni 87 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida qatnashgan Jasur Boyqo‘ziyev Fransiya, Ispaniya, Germaniya vakillari ustidan g‘alaba qozonib, finalga chiqdi. Hal qiluvchi bahsda mezbon sportchi Mbar Ndiaiyeni mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Terma jamoamiz hisobiga yana bir oltin medalni tajribali taekvondochimiz Nikita Rafalovich keltirdi. U 74 kilogrammgacha og‘irlikdagi sportchilar musobaqasida fransiyalik, gruziyalik va italiyalik sportchilarni yengib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Hamyurtlarimizdan Umida Abdullayeva o‘z vazn toifasida ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Dmitriy Shokin va Natalya Mamatova bronza medal bilan taqdirlandi.