Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarining Fujayra shahrida bo‘lib o‘tgan taekvondo “WT” bo‘yicha “Fujairah Open-2026” xalqaro turnirida ajoyib xushxabar yangradi.
“G-2” turkumiga kiruvchi mazkur nufuzli musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan kuchli sportchilar o‘rtasidagi murosasiz bahslarda namanganlik sportchilar ham salmoqli natijalarga erishdi.

Xalqaro turnirda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan yosh taekvondochilarimizdan Gulyora Orifjonova (52 kilogramm vazn toifasi) va Asadbek Aminov (73 kilogramm vaznda) o‘smirlar o‘rtasida yarim finalga qadar bellashuvlarni g‘alaba bilan yakunlab, pirovardida bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Ta’kidlash darkor, mazkur muvaffaqiyat aka-uka murabbiylar Xolmurod va Ma’murjon Nozimov boshchiligidagi namanganlik sharqona yakkakurash ustalarining taekvondo “WT” bo‘yicha “Los Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalariga ega chiqishga nomzodlarni saralash borasidagi tinimsiz mehnati va viloyatda ushbu sport turiga qaratilayotgan yuksak e’tibor mahsulidir.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA