2025 yil mamlakatimiz taekvondochilari uchun musobaqalarga boy kechgan bo‘lsa, joriy yilgi sport mavsumi ham har jihatdan mas’uliyatli bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasining yil yakunlari hamda 2026 yilgi sport mavsumiga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu haqda so‘z bordi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, mamlakat taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda o‘tgan yilgi mavsumda yurtimiz taekvondochilari xalqaro musobaqalarda 54 ta oltin, 40 ta kumush, 59 ta bronza, jami 153 ta medallar shodasiga ega chiqqani ta’kidlanib, joriy yilda ushbu natijalarni yanada yuksaltirish masalasida fikr yuritildi.
Muhokamalar jarayonida olimpiya sport turi taekvondoni yanada rivojlantirish yo‘lida bajarilgan ishlar, viloyat bo‘limlari, murabbiy va mutaxassislar faoliyati sarhisob qilindi. Hisobotlar tinglandi.

Bildirilgan fikrlar, takliflar asosida dunyoning bir qator mamlakatlarida o‘tkaziladigan xalqaro turnirlarda terma jamoa a’zolarining munosib ishtirokini ta’minlash, Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlariga hozirlik, tashkil etiladigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida samaradorlikka erishish, xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, hududlarda ommaviy turnirlar tashkil etish yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA